Bugun, 22 avgust kuni Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasi Norilsk shahrida terrorchilikni targ‘ib qilishda gumonlangan guruh qo‘lga olingan. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, guruh ISHID g‘oyalariga asoslangan. Uning a’zolari odamlarni jangovor harakatlar davom etayotgan hududlarga borib, urush harakatlarida ishtirok etishga da’vat qilgan. Ular ochiqchasiga terrorchilik harakatlarini amalga oshirishga chaqirganlar.
“Bundan tashqari tashviqotchi guruhning o‘zi ham Suriya va Afg‘onistonda faoliyat olib borayotgan terrorchi guruhlarlar safiga qo‘shilishni maqsad qilgan”, deyiladi xabarda.
Qo‘lga olinganlar yashash joyida qidiruv ishlari olib borilganda ularning faoliyatini yo‘naltirib turish uchun foydalanilgan aloqa vositasi, ekstremistik adabiyotlar va ISHIDga moliyaviy yordam berish uchun foydalanilgan bank kartalari aniqlangan.
Tergov qo‘mitasi guruhga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining 205.1, 205.2-moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘agan.
Manba: qalampir.uz