Iroq parlamenti uchta bahsli qonunni, jumladan, mamlakatning shaxsiy maqomi to‘g‘risidagi qonuniga o‘zgartirishlar kiritishni qabul qildi. Bu haqida CNN xabar bermoqda.
Muxoliflarning fikricha, bu amalda bolalar nikohini qonuniylashtiradi.
O‘zgartirishlar islomiy sudlarga oilaviy masalalar, jumladan, nikoh, ajrim va meros bo‘yicha ko‘proq vakolat beradi. Faollar bu Iroqning 1959 yildagi Shaxsiy maqom to‘g‘risidagi qonuniga putur yetkazishini ta’kidlamoqda. Ushbu qonun oila huquqini birlashtirgan va ayollar uchun himoya choralarini o‘rnatgan edi.
Asosan konservativ shia qonunchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan o‘zgarishlar tarafdorlari ularni qonunni islomiy tamoyillarga muvofiqlashtirish va G‘arbning Iroq madaniyatiga ta’sirini kamaytirish vositasi sifatida himoya qilmoqdalar. Hozirgi Iroq qonunchiligida nikohning minimal yoshi 18 yosh etib belgilangan.
Qabul qilingan o‘zgarishlar din arboblariga islom huquqini o‘z talqinlariga ko‘ra qo‘llash imkonini beradi, deyiladi xabarda.
Ba’zilar buni qizlarning erta o‘smirlik yoshida yoki hatto 9 yoshida turmushga chiqishiga ruxsat berish deb talqin qilmoqda. Bu Iroqdagi ko‘plab shia diniy hokimiyatlari amal qiladigan Ja’fariy islom huquqi maktabiga asoslanadi.