Iroq Arab Ligasi sammitiga raislik qilayotgan davlat sifatida Isroilning Dohaga bergan zarbasi munosabati bilan a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarini shoshilinch yig‘ilishga chaqirdi.
Bu haqda Iroq bosh vaziri Muhammad as-Sudaniyning Qatar amiri Tamim bin Hamad Ol Tani bilan telefon orqali muloqoti yakunlari bo‘yicha devonxonasi bayonotida aytilgan.
“Iroq Arab Ligasi sammitining raisi sifatida arab davlatlari tashqi ishlar vazirlarining zudlik bilan yig‘ilishini, shuningdek, shu oy Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh Assambleyasi yig‘ilishlari doirasida arab va islom davlatlari yetakchilari va vakillarining uchrashuvini o‘tkazishga chaqirdi”, — deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, bugun Isroil Dohada HAMAS qurolli guruhining yuqori martabali shaxslarini yo‘q qilish bo‘yicha operasiya o‘tkazdi.