Inson hamisha o‘zini namoyon etishga intilib yashaydi. Jamiyatda o‘z o‘rnini topish, iste’dodini ko‘rsatish, odamlarga nafi tegib, hayot to‘lqiniga qo‘shilib oqishga intiladi. Buning uchun, albatta, hammadan kuch, iroda, sabot, mas’uliyat talab etiladi. Imkoniyati cheklangan insonlarga esa bu xislatlar ikki hissa ko‘proq kerak.
Adliya vazirligi tashabbusi bilan imkoniyati cheklangan yoshlar o‘rtasida tez-tez tanlovlar, ko‘rgazmalar tashkil etib turiladi. Qoraqalpog‘istonda tashkil etilgan navbatdagi xayrli tashabbus — «Maftunkor ranglar jilosi» ko‘rgazmasida 15 nafar nogironligi bo‘lgan bolalar va ularning ota-onalari, 17 ta tuman (shahar)lardagi Nogironlar jamiyati bo‘limlarining hunarmandlari, sportchilar va boshqa yoshlar ishtirok etishdi.
Mazkur ko‘rgazma muntazam ravishda Adliya vazirligi, O‘zbekiston nogironlar jamiyati, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi bilan hamkorlikda «Biz birgamiz» ijtimoiy loyihasi doirasida tashkil etib kelinadi.
Ko‘rgazmada ishtirok etgan Adliya vaziri o‘rinbosari Sherzod Rabiyev har bir ishtirokchining ijod namunalarini alohida e’tirof etar ekan, mazkur xayrli tashabbus nogironligi bo‘lgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va doimiy ravishda rag‘batlantirib borish maqsadida o‘tkazib kelinayotgani, u yoshlarning iqtidorini yuzaga chiqarishga, doim oldinga intilishiga va o‘zlariga bo‘lgan ishonchni oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Nogironligi bo‘lgan bolalarni har tomonlama va uyg‘un kamol toptirish, ularning ijtimoiy faoliyatini, mehnat qilishga bo‘lgan qiziqishini, ta’lim, ilm-fan, texnika, san’at va sport bilan shug‘ullanishini qo‘llab-quvvatlash juda muhimdir. Chunki shu orqali ular o‘zini jamiyatning bir bo‘lagi sifatida tasavvur eta oladi, o‘z hislarini, kechinmalarini, intellektual salohiyatini, jismoniy kuch va g‘ayratini namoyish eta oladi. Tadbirda ana shunday katta kuch, iroda, mehnat bilan yaratilgan ijod mahsullari jamoatchilikka taqdim etildi. Bolalarning rassomlik va shaxmat sport turi borasidagi mahoratlari yana bir bor sinovdan o‘tkazildi.
Bolalar oq qog‘ozlarga hayotga bo‘lgan ishonchini, umidini, kelajakdagi orzularini yorqin ranglarda aks ettirishgan. Ularning nozik qalbini aks ettirgan suratlar hech kimni befarq qoldirmaydi. Bolalar bu suratlarida dunyoni qanday qabul qilsa shundayicha go‘zal tasvirlagan. Tasvirlar ortidan shundoqqina ko‘rinib turgan turfa fikrlar, g‘oyalar esa insonlarni matonatli bo‘lishga, bag‘rikenglikka, dunyodan hayratlanishga o‘rgatadi chindan ham.
Shuningdek, tanlov doirasida nogironligi bo‘lgan bolalar o‘z qo‘llari biri yaratgan hunarmandlik mahsulotlarining ko‘rgazmasi ham tashkil qilindi. Hunarmandlarning mahsulotlari yarmarkasi, bolalar konsert dasturlari, multfilm qahramonlari ishtirokida turli namoyishlar va sport tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Bu bolajonlarga yana ham katta zavq, ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi, hayotga, kelajakka bo‘lgan ishonch uchun yana bir muhim qadam bo‘ldi.
Tadbir ishtirokchilari qimmatbaho sovg‘alar, medal va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.