Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Insoniyatga «jannat»ni va’da qilgan «daho»lar

Insoniyatga «jannat»ni va’da qilgan «daho»lar

XIX asrning so‘ngida Germaniyada turib insoniyatga «jannat»ni va’da qilgan «daho»larning vorislari XX asrning o‘rtalarida ham paydo bo‘ldi. Bu safar endi Yaqin Sharqda o‘tgan asrning 50-yillarida falastinlik Taqiyuddin Nabahoniy bu ishga bel bog‘ladi. Aslida Falastin ozodligi yo‘lida tuzilgan «hizbut-tahrir» bugun insoniyatga yana «jannat»ni va’da qilayotir.

Bu ikki g‘oyaning o‘xshash jihatlari shundaki, ular farovon hayotni odamlar qoni evaziga bunyod etishni targ‘ib etishadi. Yaqin tariximizda mustabid tuzum siyosati tufayli xalqimiz va millatimiz chekkan jabru sitamlar, adoqsiz qatag‘onlaru toptalishlar hali hech birimizning esimizdan chiqqan emas. Xuddi kommunistik partiyadek «hizbut-tahrir» ham bu yo‘lda qo‘lini qonga botirishdan or qilmaydi. Manbalarda keltirilishicha, terrorchilarning yetakchilaridan biri Markaziy Osiyoda «jihod» haqida gapirarkan: «Xalifalikni barpo etish tarafdorlari» hech qanday qurbonlar berishdan tap tortmaydi, agar zarur bo‘lsa, yangi davlat kofirlar qoni ustiga quriladi», - degan bir bayonotida. Taassufki, bu o‘rinda «kofirlar» deganda «hizbut-tahrir» yo‘liga yurmagan musulmonlar ham nazarda tutilgan. Holbuki, islom hech qachon musulmonlarni, hatto la’natlashga ham ijozat bermagan.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Bir kishi birodariga “ey kofir!” desa bu gap aniq ikkisidan biriga tegishli bo‘ladi. Agar u kishi rostan ham kofir bo‘lsa, unga qaytadi. Ammo unday bo‘lmasa, gapiruvchining o‘ziga qaytadi”, deb aytdilar (Imom Buxoriy va Imom  Muslim rivoyati).

Manbalarda keltirilishicha, «hizbut-tahrir»ning o‘lkamizga kirib kelishi, o‘tgan asrning 80-90 yillariga to‘g‘ri keladi. Sobiq Ittifoq barham topib, Markaziy Osiyoda dini va ijtimoiy yashash tarzi bir-biriga yaqin bo‘lgan beshta yangi davlatning paydo bo‘lishi hizbchilarni ruhlantirib yubordi.

Shunday qilib, 1990 yillarning boshlarida Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, mamlakatimizda ham «hizbut-tahrir»ning bolshovoylarning yacheykalariga o‘xshash ilk xalqalari paydo bo‘ldi. Xalqalarda eng avvalo o‘qitish (ya’ni, yoshlarning ongini zaharlash) ishlariga jiddiy e’tibor qaratildi. O‘tilayotgan darslar va da’vatlarning asosiy mavzusi mavjud konstitusion hukumatlarni ag‘darish va uning o‘rnida xalifalik barpo etishga qaratilardi. Hizbiy mafkurachilar ham eng avvalo o‘qimagan yoshlar va ayollarni nishonga oldi. Bu o‘rinda ular ikkita yo‘ldan foydalanishdi. Birinchisi, moddiy rag‘bat. O‘sha yillari hukumatga qarshi varaqa tarqatish, simyog‘ochlarga da’vatlar yozilgan qog‘ozlarni osib ketish 50-100 AQSh dollarida baholangan. Ikkinchi yo‘l esa aqidaparastlarning eng nozik quroli - ruhiyatni zaharlash bilan bog‘liq. Ya’ni, ular Xudodan qo‘rqmay aldanganlarga bu yo‘lda qurbon bo‘lsa (qarang, o‘z xalqi, ota-onasi, opa-ukasini portlatsa) to‘g‘ri jannatga tushishlarini va’da qilishgan.

Hizbiylar mintaqamizda asl maqsadlariga yeta olishmasa-da, yuqorida keltirib o‘tganimizdek, ko‘plab dilxiraliklar sodir bo‘lishiga sababchi bo‘lishdi. Eng yomon tomoni, omi yoshlarimiz va ayollarimiz ongini zaharlashdi. Hech qachon erishib bo‘lmaydigan sarob bir xayol ortida sargardon qilishdi. Kuchli psixologik ta’sir va mafkuraviy tazyiq ostida ongi shakllangan ko‘plab yoshlar na Vatanni, na ota-onasini tan oladi, ular bamisoli manqurtlarga o‘xshab berilgan ko‘rsatmaga asosan harakat qilishi kuzatiladi.

Hozirgi paytga kelib hizbut-tahrir va bunga o‘xshagan boshqa buzg‘unchi tashkilotlar o‘zlarining islomga zid bo‘lgan vayronkor g‘oyalarini tarqatish va yoshlarni tuzoqlariga ilintirish yo‘lida internetdagi ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanmoqda. Afsuski ko‘p yoshlar islom niqobi ostida olib borayotgan buzg‘unchi xarakatlarning qurboni bo‘lib, din dushmanlarining quroliga aylanib qolmoqda.

Boshida Falastin ozodligi da’vosida tuzilgan “hizbut tahrir” (hizb-partiya, tahrir-ozodlik) firqasi tomonidan keyinchalik asosiy maqsad bir chetda qolib, olamshumul xayoliy g‘oya dastak qilib olindi. Qaysidir ma’noda u kommunizm g‘oyasiga o‘xshaydi. Bir mahallar kommunizm nima o‘zi, deb so‘rasangiz, jannatga o‘xshash bir hayot, hech bir muammo bo‘lmaydi, deyishardi. Albatta, bu uydirmadan boshqa narsa emas. Avvalambor shuni aytish kerak, dinimiz bizlarni o‘zaro ixtilof qilishdan, tafriqaga bo‘linishimizdan qaytaradi. Zero, ixtilof va tafriqa insonlarni bir-biridan uzoqlashtiradi, o‘rtada adovat va fitna paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, dinda tafriqaga bo‘linish zalolat sanalib, insonning ikki dunyosini ham barbod bo‘lishiga olib boradi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan:

وَاعْتَصِمُوا بِحَبْلِ اللَّهِ جَمِيعًا وَلَا تَفَرَّقُوا وَاذْكُرُوا نِعْمَةَ اللَّهِ عَلَيْكُمْ إِذْ كُنْتُمْ أَعْدَاءً فَأَلَّفَ بَيْنَ قُلُوبِكُمْ فَأَصْبَحْتُمْ بِنِعْمَتِهِ إِخْوَانًا وَكُنْتُمْ عَلَى شَفَا حُفْرَةٍ مِنَ النَّارِ فَأَنْقَذَكُمْ مِنْهَا كَذَلِكَ يُبَيِّنُ اللَّهُ لَكُمْ آَيَاتِهِ لَعَلَّكُمْ تَهْتَدُونَ

(سورة آل عمران/103)

ya’ni: “Hammangiz Allohning “arqoni”ni (Qur’onini) mahkam tuting va firqalarga bo‘linmang hamda o‘zaro adovatda bo‘lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo‘ygan Allohning ne’matini yodda tuting! Uning ne’mati tufayli birodarlarga aylandingiz. Do‘zax chohi yoqasida turganingizda, sizlarni undan qutqardi. Shoyad haq yo‘lni topgaysizlar, deb, Alloh O‘z oyatlarini sizlarga shunday bayon qiladi”

(Oli Imron surasi, 103-oyat).

Bu yo‘lga kirish hech kimga foyda keltirgan emas, faqat zarar keltiradi. Agar siz, 10-15 yil avval shu yo‘lga kirgan, bilim va tushunchasi, tajribasi to‘lishgan kishilar bilan hamsuhbat bo‘lsangiz, bu xayoliy narsa ekanini, shu narsaga undagan da’vatchilar esa, boshingga ish tushsa, kuningga yaramasligini, mudom parda ortida turishini aytadi. Shuni aytish kerakki, so‘ngi yillarda bu haqiqatni anglab yetayotgan, «hizbut-tahrir»dan qaytayotgan kishilar ko‘paydi. Ularning aksariyati boshi berk ko‘chaga kirib qolganiga iqror bo‘lyapti.

Global siyosat hukm surayotgan bugungi dunyo ogohlikni har bir davlat strategiyasining muhim qoidasiga aylantirdi. Jahon sahnida xavfli kasallik virusiday urchib yotgan turli mafkura va g‘oyalar, nazariyalar insoniyat boshiga bugun o‘latdan ham og‘ir kulfatlar solishga qodir. Bunday tahlikali sharoitda ayniqsa, kelajagimiz ertasi bo‘lgan yoshlarimiz ongu shuurini begona g‘oyalardan asrash, ularni Vatanga muhabbat, el-yurtga sadoqat ruhida kamol toptirish, buyuk ajdodlarimizga munosib voris qilib tarbiyalash har birimizning millat va Vatan oldidagi mas’uliyatimiz va burchimizdir.

Muzaffar Jabborov,

Toshkent shahridagi “Fotimai Zahro” jome masjidi imom-xatibi,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti

Kiritildi: 22:31 10.10.2019. O'qildi: 2859 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!