Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Ingliz tilidagi eng uzun so‘zni bilasizmi?

Ingliz tilidagi eng uzun so‘zni bilasizmi?

Bugungi kunda dunyo aholisi 7 mingga yaqin tilda so‘zlashadi. Biroq ularning bir necha o‘ntasigina u yoki bu mamlakatda rasmiy maqomga ega bo‘lib, jahon ahamiyatiga molik tillar qatorida turadi. Xususan, BMTning 6 ta rasmiy ish tili mavjud: ingliz, arab, xitoy, fransuz, rus va ispan tillari.  BMTning ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti – YUNESKOning 2010 yilda qabul qilgan qaroriga asosan mazkur tillarning har biri uchun xalqaro til kuni belgilab qo‘yilgan. Unga muvofiq 23 aprel — xalqaro ingliz va ispan tili kuni, 18 dekabr — xalqaro arab tili kuni, 20 aprel — xalqaro xitoy tili kuni, 20 mart — xalqaro fransuz tili kuni, 6 iyun — xalqaro rus tili kuni deb e’lon qilingan.

Nega aynan 23 aprelda Ingliz tili kuni nishonlanadi?

Har yili buyuk ingliz yozuvchisi, jahonning nomdor dramaturgi Uilyam Shekspir tug‘ilgan kun — 23 aprelda Ingliz tili kuni nishonlanadi. Ushbu kun Shekspirning tug‘ilgan kuni va uning vafotining yilligi deb taxmin qilinganligi sababli tanlangan. Shekspir ingliz tilining rivojlanish tarixidagi eng buyuk yozuvchilardan biri sanaladi. U ingliz tilidagi eng taniqli dramaturg bo‘lgani bilan birga zamonaviy ingliz tiliga ham katta ta’sir ko‘rsatdi. Uning pesalari hanuzgacha nashr etilishda davom etmoqda, vafotidan deyarli 400 yil o‘tgach teatrlarda namoyish etildi va dunyo sahnasini ko‘rdi.

Dunyo bo‘ylab 1,75 milliarddan ortiq kishi ingliz tilida gaplashadi — bu dunyodagi har 4 kishidan 1 tasi demakdir.

Ingliz tili tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ingliz tili qadimgi german qabilalarining tillaridan kelib chiqqan. Ingliz tili Angliyaning Anglo-Sakson qirolliklari hamda hozirgi janubiy-sharqiy Shotlandiya yerlari avvalgi Nortumbriya qirolligida vujudga keldi. Tarixiy manbaalarga ko‘ra, eski ingliz tili juda ko‘plab shevalar turkumini o‘z ichiga oladi. Qadimiy ingliz tili 4 ta shevaga bo‘lingan: nortumbriya, g‘arbiy sakson, mersiya va kent shevalari. Bu shevalar turkumi Buyuk Britaniyaning sharqiy qirg‘og‘iga nemis qabilalari bo‘lmish anglo-saksonlar tomonidan keltirilgan. English (ingliz) so‘zi Angles so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, bu xalqning ajododlar yurti Angeln hozirgi Shlezvig Golshteyn (Schleswig-Holstein) bo‘lgan. Buyuk Britaniyaning 17 va 20 asr o‘rtasidagi kuchli rivojlanishi hamda AQShning 20 asrdagi dunyoviy ta’siri ostida ingliz tilining xalqaro nufuzi oshdi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining tillar kunining nishonlanishidan ko‘zlangan maqsad ko‘p tilli va madaniy xilma-xillikni nishonlash, shuningdek, butun olti rasmiy tildan butun tashkilotda teng ravishda foydalanishni rag‘batlantirish edi.

Ingliz tili kunining xalqaro doirada nishonlanishidan maqsad esa odamlarni tarix, madaniyat va til bilan bog‘liq yutuqlar haqida xabardor qilishdir. Ushbu kunda ko‘pincha kitob o‘qish tadbirlari, ingliz tilida viktorinalar, she’rlar va adabiyotlar almashinuvi va ingliz tilini targ‘ib qiluvchi boshqa tadbirlar o‘tkaziladi.

O‘zbekistonda ingliz tili yoshlar orasida ommalashib bormoqda, chunki til bilimi xorijiy Oliy o‘quv yurtlarining mahalliy filialida yoki bevosita xorijiy Oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olish imkonini beradi.

O‘zbek ta’lim tizimida o‘quvchilar boshlang‘ich sinflarda ingliz tilini o‘rgana boshlaydilar. Ingliz tili kurslari juda mashhur. Bolalar uchun yozgi til lagerlari tashkil etilmoqda. O‘qituvchilar malakasini oshirish va ingliz tilini o‘rgatuvchi professional kadrlar bilan ta’minlash hukumat tomonidan tobora ko‘proq e’tiborga olinmoqda.

Ingliz tili kuni nimalarga amal qilish kerak?

— Uilyam Shekspirning ko‘plab pyesalaridan birini o‘qing. Uning eng mashhur pyesalari: Romeo va Juliyetta, Gamlet, Qirol Lir, Otello va Qirol Genrix IV.

— #EnglishLanguageDay, #English# va #EnglishDay# xeshteglarida ishtirok eting.

— Filmni odatdagidan boshqa inglizcha talaffuzda (aksent) tomosha qiling. Mana bir nechta tavsiyalar:

  • Irlandcha talaffuzda: The Field (1990), Intermission (2003), Once (2009).
  • Shotland talaffuzida: The Decoy Bride (2011), Brave (2012), The Angels’ Share (2012)
  • Hindcha talaffuzda: Monsoon Wedding (2001), Slumdog Millionaire (2008)
  • Avstraliya talaffuzida: Crocodile Dundee (1986), The Babadook (2014)

— “Ingliz tarixi, ingliz va inglizlarning sarguzashtlari: tilning tug‘ilishi” kabi hujjatli filmni tomosha qilib, ingliz tilining evolyusiyasi haqida biroz ko‘proq ma’lumot oling.

Ingliz tili kuni bilan bog‘liq muhim faktlar

— Dunyo bo‘yicha taxminan 106 ta mamlakatda ingliz tilini birinchi til sifatida ishlatiladi va 339 millionga yaqin asosiy til sifatida so‘zlashadiganlar mavjud (ya’ni bu ularning birinchi va asosiy tilidir).

— Hozirgi kunda mavjud bo‘lgan ingliz tili “kechikkan zamonaviy ingliz tili” deb nomlanadi. U 1800 yillarda paydo bo‘lgan va uning zamonaviy ingliz tilidan eng katta farqi shundaki, unda sanoat inqilobi davrida yangi texnologiyalarni nomlash uchun yaratilgan ko‘proq so‘zlar mavjud.

— Dunyodagi har bir ikkinchi kishi ish jarayonida har kuni ingliz tilidan foydalanadi.

— Butun dunyodagi bilimlarning 80 foizi ingliz tilida saqlanadi.

— Ingliz tilida so‘zlashuvchilar anglofonlar deyiladi.

— Ingliz tilida eng uzun so‘z hisoblanadigan so‘z ham mavjud — bu Pneumonoultramicroscopicsilicovolcanoconiosis. Bu so‘z ingliz tilida haqiqatan ham ishlatilishiga ishonish qiyin. U kasallikni va uning nomlanishini anglatuvchi so‘z sifatida tarjima qilinadi.

Iqbol Abdumajidov,
 Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz yetakchi mutaxassisi

Kiritildi: 03:00 30.06.2020. O'qildi: 11469 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!