Pokiston sudi mamlakat sobiq bosh vaziri Imron Xon va uning rafiqasini 17 yillik qamoq jazosiga hukm qildi, deb yozmoqda Reuters.
Agentlikning xabar berishicha, 20 dekabr kuni Pokiston sudi sobiq bosh vazir Imron Xon va uning rafiqasi Bushra Bibini korrupsiya ishi bo‘yicha 17 yillik qamoq jazosiga hukm etdi. Imron Xon bu vaqtda allaqachon boshqa ayblov bilan qamoq jazosini o‘tayotgan edi.
Pokiston Federal qidiruv agentligining maxsus sudi e’lon qilgan hukmga ko‘ra, 10 yil ishonchni suiiste’mol qilganlik uchun va 7 yil korrupsiyaga qarshi kurash qonunlari asosida tayinlangan.
Imron Xonning partiyasi ushbu ishlarni siyosiy motivga ega deb hisoblaydi. Xonning advokati Salmon Safdarning ma’lum qilishicha, sobiq bosh vazir yangi sud qarori ustidan Islomobod Oliy sudiga apellyasiya berish bo‘yicha topshiriq bergan.
Imron Xon 2023 yilning avgustidan buyon qamoqxonada saqlanmoqda. U hozirda yer bilan bog‘liq boshqa bir korrupsiya ishi bo‘yicha 14 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda. Yangi tayinlangan 17 yillik jazo muddati avvalgi muddat yakunlangach boshlanishi bildirdi.