Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ikki gektar yer maydonini 170 ming dollarga pullamoqchi bo‘lganlar ushlandi.
Buxoro shahrida yashovchi 1960 yili tug‘ilgan shaxs o‘zining tanishi bilan til biriktirgan va boshqa bir fuqaroning ishonchiga kirib, unga Kogon tumanining Yangihayot mahallasi hududida joylashgan 0,50 gektar muqaddam gips ishlab chiqarish uchun qurilgan bino va uning atrofidagi tuman zaxirasida bo‘lgan 1,5 gektar yerni kelgusida uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 170 ming dollar berishni taklif qilgan.
Joriy yilning 3 mart kuni Buxoro viloyati IIB tezkor qidiruv xizmati korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ushbu shaxs 20 ming dollarni olayotganda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.