Eron AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatiga vositachilar orqali urushni to‘xtatish bo‘yicha yangi taklif yo‘lladi. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchining aytishicha, Vashington bilan kelishuvga erishilganidan so‘ng strategik ahamiyatga ega Hurmuz bo‘g‘ozi yetti kun ichida qayta ochilishi mumkin.
Araqchi bu haqda BMT Bosh Assambleyasi doirasida ma’lum qildi. Tehron qanday shartlarni ilgari surayotganini esa aniq ochiqlamagan.
Avvalroq Eron muzlatilgan aktivlarini ochish, harbiy harakatlarni to‘xtatish hamda AQShning Eron portlari va kemalariga nisbatan blokadasini bekor qilishni talab qilgan edi.
AQSh Oq uyi esa vositachilar orqali «ijobiy va konstruktiv» muzokaralar olib borilayotganini tasdiqladi.
Shu bilan birga, tomonlarning ommaviy bayonotlarida keskin munosabat saqlanib qolmoqda. Tramp BMT Bosh Assambleyasida Eron oldida «buyuklik» yoki «yo‘q qilinish» tanlovi turganini aytgan. Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon esa AQShni terrorizmda ayblagan.