Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) dengiz floti kecha Hormuz bo‘g‘ozi yopilishini e’lon qildi.
Bu haqda Tasnim nashri IIQK dengiz flotining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limiga tayanib xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, ushbu qaror sulh bitimining buzilishi va AQSh harbiylari tomonidan Eron portlarining blokada qilinishi tufayli qabul qilingan.
“Kecha bir qator kemalar IIQK dengiz floti qo‘mondonligi va muvofiqlashtirishi ostida Lark orolining shimolidagi Ummon ko‘rfazidan kirish yo‘li orqali Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tdi. Biroq, o‘shandan beri AQSh Eron kemalari va portlarining dengiz blokadasini bekor qilmadi, shuning uchun Hormuz bo‘g‘ozi bugundan boshlab blokada bekor qilinmaguncha yopiq qoladi”, deyiladi bayonotda.
IIQK Fors ko‘rfazi va Ummon ko‘rfazidagi hech bir kema ko‘rfazlardan chiqmasligi va Hormuzga yaqinlashayotgan kemalar qoidalarni buzish deb hisoblanishi va zarbalarga duchor bo‘lishi haqida ogohlantirdi.