Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 avgust kuni Toshkent arxitektura qurilish institutiga tashrif buyurib, shaxmat olimpiadasida g‘olib bo‘lgan o‘zbekistonlik shaxmatchilar haqida gapirgan. Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sadullayev xabar berdi.
“Shaxmatga oid 3 yilda uchta qaror qabul qildik. Nima uchun? Biz 20 yil davomida bu sohada kechikkanimiz uchun qarorlarni qabul qildim. 2026 yilgi shaxmat Olimpiadasiga endi barcha boshqacha tayyorgarlik ko‘radi. “Biz chempionlar yurtiga boryapmiz”, deyishadi.
Ularga katta mukofotlar bersak boshqalar uchun ham bu motivasiya bo‘ladi. Hamma ota-onalar farzandlarini shaxmat to‘garaklariga berishni boshlaydi.
Ularga davlat mukofotlarini ham beramiz. Bundan tashqari, avtomobil berishni ham rejalashtirdik. Axir ularning bokschilardan nimasi kam?”, - degan davlat rahbari.
Shuningdek, Prezident 5 avgust kuni imzolagan qarorga binoan shaxmatchilarga 600 milliondan berilishini qo‘shimcha qilgan.