Hindiston hukumati Air India aviakompaniyasining AI-171 reysiga xizmat qilgan Boeing 787 Dreamliner samolyoti halokati bo‘yicha dastlabki taxminlarni rasman tasdiqlamadi.
Fuqaro aviasiyasi vazirligi ma’lum qilishicha, samolyotning yoqilg‘i boshqaruv tizimi to‘liq tekshirilgan va unda hech qanday texnik nosozlik aniqlanmagan. Ayni paytda butun tortish kuchini boshqarish moduli ishlab chiqaruvchi zavodda qo‘shimcha ekspertizadan o‘tkazilmoqda.
Vazirlik, shuningdek, halokat yuzasidan yakuniy hisobot kechiktirilayotgani haqidagi xabarlarni rad etib, hozircha barcha ehtimoliy sabablar va omillar har tomonlama o‘rganilayotganini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 12 iyun kuni Hindistonda Air India'ning Boeing 787-8 Dreamliner samolyoti parvozdan ko‘p o‘tmay qulab, 260 kishi halok bo‘lgan edi. Ilk hisobotda ikki dvigatelga yoqilg‘i uzatilishi to‘xtagani qayd etilgan, ammo buning aniq sababi hozircha rasman tasdiqlangani yo‘q.