Hindiston sharqiy Odisha shtati sohillari yaqinida Agni ballistik raketasining takomillashtirilgan versiyasini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, raketa MIRV — mustaqil nishonlarga yo‘naltiriladigan bir nechta jangovar kallak texnologiyasi bilan jihozlangan. Ushbu texnologiya bitta raketa orqali bir vaqtning o‘zida turli nishonlarga bir nechta yadroviy kallak yetkazish imkonini beradi.
TASS xabariga ko‘ra, sinov vaqtida raketa Hind okeanida bir-biridan ancha uzoq masofada joylashgan turli nishonlarga qaratilgan bir nechta jangovar qismlar bilan ishga tushirilgan.
Hindiston mudofaa vaziri Rajnat Singh Mudofaa tadqiqotlari va ishlanmalari tashkiloti hamda qurolli kuchlarni muvaffaqiyatli sinov bilan tabrikladi.
Hindiston dunyodagi yadroviy davlatlardan biri hisoblanadi. Mamlakatning yadroviy qurolga ega ekani 1990-yillar oxirida ma’lum bo‘lgan, garchi ilk sinovlar 1974 yildayoq o‘tkazilgan bo‘lsa ham.
Hozirda Hindiston ixtiyorida yadroviy kallak tashishga qodir bir nechta Agni turidagi ballistik raketalar mavjud. Ularning eng zamonaviysi — Agni V — 8000 kilometrgacha masofaga ucha oladi.