“Bugun, 2023 yil 19 iyul kuni islom olamida boshlangan hijriy 1445 yil bilan barcha mo‘min-musulmonlar, xususan, yurtimiz ahlini samimiy qutlab, o‘zimning eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.
🔸Ma’lumki, hijriy yil “Allohning oyi” deya sharaflangan Muharram oyi bilan boshlanadi. Ushbu ulug‘ oyda ro‘za tutish tavsiya etilgan va oilasiga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladigan Ashuro kuni bordir. Shunday ekan, mazkur fazilatli oydagi ajru savobli amallarni g‘animat bilaylik.
🔹Azizlar, boshlangan hijriy yil yurtimiz, xalqimiz va oilamiz uchun xayru barakali, dinu dunyo ishlarimizda ulkan muvaffaqiyatli hamda ilmu taqvoda ziyodali bo‘lishini Haq taolodan so‘rayman.
Alloh taolo barchamizni O‘zining roziligiga erishadigan va ikki dunyo saodatini topadigan bandalaridan aylasin!”
SHAYX NURIDDIN XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Milodiy 2023 yil 19 iyul
Hijriy 1445 yil1 Muharram