Nukus temir yo‘l bekati, shaxobchasi va aeroporti harbiy harakatlar tarkibiy bo‘limi tomonidan garnizonda joylashgan harbiy qism shaxsiy tarkibi uchun harbiy texnika va yuklarni temir yo‘l orqali tashish bo‘yicha amaliy-ko‘rgazmali mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlar uchta o‘quv nuqtasida o‘tkazilib, qo‘shinlarni bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirib o‘tish, harbiy texnika va yuklarni tashish uchun foydalaniladigan temir yo‘l vagonlariga to‘g‘ri joylashtirish, saqlash va olib yurishni o‘rgatish maqsadida tashkil etildi.
Nukus temir yo‘l bekati, shaxobchasi va aeroporti harbiy harakatlar tarkibiy bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Baxtiyor Qudratov rahbarligida o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda harbiy texnika va yuklarni tashish jarayonida tayinlangan qorovul shaxsiy tarkibining majburiyati, turli xil vaziyatlardagi harakatlari va alohida xizmat o‘tashning boshqa ahamiyatli jihatlari namuna sifatida ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, mashg‘ulotlarda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksionerlik kompaniyasi Qo‘ng‘irot mintaqaviy temir yo‘l uzeli, Nukus va Taxirko‘l bekati xodimlari ishtirok etib, yo‘l hujjatlarini to‘ldirish hamda temir yo‘l stansiyalarida to‘xtash tartibi haqida ma’lumot berishdi.
— Qo‘shinlar jangovar shayligini mustahkamlash hamda bo‘linmalar va texnikalarni bir joydan ikkinchi joyga olib o‘tishni tashkil etishda uzilishlarning oldini olish maqsadida tashkil etilgan ushbu mashg‘ulotlar jarayonida asosiy e’tibor texnika xavfsizligi talablariga rioya etish va texnikalarni vagonlarga yuklashdagi me’yor talablari o‘rgatildi, – deydi podpolkovnik Baxtiyor Qudratov. – Mashg‘ulotlar jarayonida harbiy xizmatchilar tomonidan berilgan ko‘plab savollar o‘z javobini topib, ularning tajribasi oshishiga erishildi.
Ko‘rgazmali tarzda o‘tkazilgan mashg‘ulotlar doirasida zirhli va avtomobil texnikalarni platformalar orqali vagonlarga yuklash-tushurish, ularning siljib ketishini oldini olish maqsadida belgilangan tartibda mahkamlash, texnikalarni tashishda niqoblash ishlarini tashkil etish kabi masalalar namoyish etildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti