Uning so‘zlariga ko‘ra, hantavirus odamdan odamga faqat qon orqali yuqishi mumkin. Kasallik yo‘talish va aksirish orqali yuqmaydi. Netesovning ma’lum qilishicha, bunday infeksiyalar "yaxshi o‘rganilgan va o‘lim hollari juda kam". Olimning aytishicha, ushbu kasallikning alomatlari o‘ta qo‘rqinchli emas.
Uning ta’kidlashicha, hantavirus Xitoyda, Koreyada, Yevropa mamlakatlarida va Rossiyada uchraydi. Statistikaga ko‘ra, Rossiyada yiliga 4-5 mingga yaqin odam ushbu kasallikka chalinadi. Rossiya Federasiyasi hududida infeksiya ko‘pincha Boshqirdistonda uchraydi. 1997 yilda ushbu mintaqada rekord darajada – 20 000 ta infeksiya holati qayd etilgan.
“Odamga bu virus pichan o‘rish paytida, o‘rmon kemiruvchilar ko‘p bo‘lgan joyda yoki qishloqdagi kuzgi yig‘im-terim paytida yuqadi. Kasallik tarqatuvchi kemiruvchilar virusni tanalaridan najas va peshob orqali chiqaradi. Virus turli o‘simlik va o‘tlarda ancha paytgacha yashaydi", deya tushuntirdi mutaxassis.
Uning ta’kidlashicha, bu yangi virus emas. Olimlar ushbu kasallikni uzoq vaqt davomida o‘rganishgan. Uni davolash uchun bir soat ichida natijani ko‘rsatadigan tezkor testlar va vaksinalar ishlab chiqilgan.