Tailandning Nontxaburi shahrida tennis bo‘yicha "Chellenjer" turkumiga kiruvchi turnir bo‘lib o‘tmoqda.
Mukofot jamg‘armasi 100 000 AQSh dollarini tashkil etuvchi musobaqada hamyurtimiz Humoyun Sultonov ham muvaffaqiyatli odimlayapti. Mamlakatimizning birinchi raketkasi ilk davrada turnirda oltinchi raqam ostida tasniflangan qozog‘istonlik Timofey Skatovni tay-breklarda 7/6(4), 7/6(6) hisobida mag‘lubiyatga uchratgandi.
Biroz avval tennischimiz 1/8 final uchrashuvini o‘tkazdi. Sultonovga bu safar yaponiyalik Hiroki Moriya raqiblik qildi. Saralashdan asosiy to‘rga yetib kelgan Moriya 1/16 finalda reytingda o‘zidan 119 pog‘ona yuqorida borayotgan fransiyalik Jyoffri Blankaneksni 7/5, 7/5 hisobida taslim etgandi.
Humoyun 1 soatu 12 daqiqa davom etgan bahsda ortiqcha qiyinchiliksiz yaponiyalik raqibi ustidan g‘alabaga erishdi - 6/4, 6/2. Bu tennischilarning o‘zaro o‘tkazgan ilk uchrashuvi edi.
Taqqoslash uchun, Sultonov ATP reytingida 223, Skatov 191, Moriya esa 398-o‘rinni egallab turibdi. Humoyun chorak finalda chexiyalik Dalibor Svrchina hamda turnirning ikkinchi raketkasi fransiyalik Gregor Barrer uchrashuvi g‘olibiga qarshi kortga chiqadi.