Moskva vaqti bilan 9:00 atrofida Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyatidagi Berdin fermasi yo‘nalishida qarshi hujumga o‘tdi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Harbiy departament bayonotida aytilishicha, ukrainalik harbiylar hujumni “Rossiya qo‘shinlarining Kursk yo‘nalishidagi hujumini to‘xtatish” uchun amalga oshirgan.
Bayonotga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari "hujum guruhini mag‘lubiyatga uchratib, ikkita tank va yettita zirhli jangovar texnikani yo‘q qilgan".
“Shimoliy qo‘shinlar guruhining artilleriyasi va aviasiyasi Ukraina Qurolli kuchlarining hujum guruhini mag‘lub etdi. Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalarini yo‘q qilish operasiyasi davom etmoqda”, — deyiladi departament xabarida.
Ukraina Qurolli Kuchlari Kursk viloyatidagi rus qo‘shinlarini o‘zlarining hujumlari bilan "hayratda qoldirdi". Bu haqda Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi huzuridagi dezinformasiyaga qarshi kurash markazi rahbari Andrey Kovalenko ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Ukraina kuchlari hujumni rivojlantirish ustida ishlamoqda. Kovalenkoning aytishicha, hujum bir necha yo‘nalishda amalga oshirilmoqda.
Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Ermak ham Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk viloyatiga hujumi boshlanganini ma’lum qildi. "Kurshchina, yaxshi xabar, Rossiya o‘ziga munosib bo‘lgan narsani oladi", deb yozgan Ermak.