AQSh prezidenti Jo Baydenning aytishicha, Florida shtati qirg‘oqlariga yaqinlashib kelayotgan "Milton" dovuli so‘nggi yuz yillikda bu hududdagi eng vayronkor dovullardan biriga aylanishi mumkin.
"Xudo saqlasin, bunday bo‘lmasin, lekin hozirgi vaziyat aynan shunday ko‘rinmoqda", - dedi u mahalliy aholini xavfsiz joylarga ko‘chishga chaqirib. "Bu hayot-mamot masalasi".
Kecha "Milton" to‘foni maksimal - beshinchi toifaga ko‘tarildi. Mutaxassislar Florida qirg‘oqlari uchun ehtimoliy halokatli oqibatlar haqida ogohlantirishdi. Seshanba kunining o‘rtalariga kelib, dovul biroz kuchsizlandi va shamol tezligi soatiga 250 km dan oshmaydigan oldingi, to‘rtinchi toifaga o‘tkazildi, ammo keyin yana beshinchi toifaga ko‘tarildi. Dovul markazidagi doimiy shamol tezligi 270 km/soatni tashkil etadi va yanada kuchli bo‘lishi mumkin.
Yaqinlashib kelayotgan "Milton"dan bir necha hafta oldin AQSh qirg‘oqlarida halokatli "Xelen" to‘foni sodir bo‘ldi. Uning qurbonlari 200 dan ortiq bo‘lib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha u 2005 yilda Luiziana shtatida deyarli 2000 kishining hayotiga zomin bo‘lgan "Katrina"dan orqada qolmoqda.