Gvatemalada qarindoshlari vafot etgan deb hisoblagan 15 yoshli Yuleydi Ishkotoyak dafn oldidan o‘tkazilayotgan vidolashuv marosimi vaqtida kutilmaganda hushiga keldi. Mahalliy TV SAC telekanali xabar berishicha, qiz onasi uning ko‘zlarini ochib, harakatlana boshlaganini payqamaguncha, taxminan sakkiz soat tobutda yotgan.
«Yuragim qattiq og‘riy boshladi. Ko‘kragimda og‘irlik his qildim, keyin esa hushimni yo‘qotdim», — dedi qiz.
Otasi uni shifoxonaga olib borishga uringan, ammo yo‘lda qizining nafas olayotganini va tomir urishini sezmagan. Qiz vafot etdi, deb o‘ylagan ota shifokorlarga murojaat qilish o‘rniga tobut sotib olib, uni uyga olib kelgan.
Vidolashuv marosimiga qarindoshlar, qo‘shnilar va mahalliy cherkov jamoasi a’zolari yig‘ilgan.
Taxminan sakkiz soat o‘tgach, onasi tobutning oynachasi orqali qizining harakatlanayotganini ko‘rgan. Yig‘ilganlar tobut qopqog‘ini ochib, qizga tashqariga chiqishga yordam berishgan.
Mahalliy ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko‘ra, Yuleydi hushida bo‘lgan va suv so‘ragan.
Qizning otasi yuz bergan voqeani «mo‘’jiza» deb atagan.