"Manchester Siti" bosh murabbiyi Pep Gvardiola Abduqodir Husanovni yana bir bor maqtadi.
Ispaniyalik mutaxassisga YECHL 7-turidan o‘rin olgan "Budyo-Glimt"ga qarshi o‘yin oldidan hamyurtimiz haqida savol berishdi.
«Shunchaki OAVni o‘qing, ular Husanovni qanday maqtayotganini ko‘rasiz! Ular haq! U — Top! Hech qanday e’tirozimiz yo‘q. Oxirgi o‘yinda ham avvalgi o‘yinda bo‘lgani kabi ajoyib o‘ynadi. Biz juda mamnunmiz!
Ayniqsa, «Arsenal»ga qarshi o‘yindan so‘ng bir oy maydonga tushmaganiga qanday reaksiya bildirgani... O‘shanda uning mashg‘ulotlarda qanday ter to‘kkanini, kiyinish xonasida o‘zini qanday tutganini siz tasavvur ham qila olmaysiz — bu Husanovni qanday darajada ekanini ko‘rsatib beradi. Men odatda futbolchilar qiyin vaziyatga tushib qolganda o‘zini qanday tutishiga qarab baho beraman...
Ishonchim komilki, O‘zbekistonda u ota-onasidan a’lo darajada tarbiya olgan. U Fransiyada atigi bir necha oy bo‘lib, keyin darhol «Man Siti»ga, Premyer-ligaga tushib qoldi. Bunday keskin o‘zgarishlarga moslashish oson kechmaydi. Lekin u to‘xtab qolmadi: tingladi, o‘rgandi va albatta, buning natijasida jismoniy holati juda ajoyib darajaga chiqdi. «Manchester Siti» uzoq-uzoq yillar davomida eng top darajadagi markaziy himoyachiga ega bo‘ldi.
U qanday darajagacha chiqa oladi? Bu faqatgina uning o‘ziga bog‘liq, boshqa hech narsaga emas», - dedi ispaniyalik mutaxassis.