Avvalroq, "Guliston shahar 5-sonli maktab o‘qituvchilari va direktor o‘rinbosari — maktab o‘quvchisining yaqin qarindoshlari tomonidan ayovsiz kaltaklanganligi aytilmoqda", sarlavhali xabar berilgandi.
Shundan so‘ng, tezkorlik bilan Sirdaryo viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati tomonidan mazkur holatga rasmiy izoh berildi:
“Telegram” messenjeri orqali “O‘qituvchilar va direktor muovini, o‘quvchining ota onasi tomonidan ayovsiz kaltaklangan” sarlavhasi bilan tarqalgan habar yuzasidan Sirdaryo viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qiladi!
Boshqarma mas’ul xodimlari tomonidan holat o‘rganildi.
Ma’lum bo‘lishicha, bugun 8 aprel kuni Guliston shahridagi 5-umumta’lim maktabi yuqori sinf o‘quvchisi U.A.ning darsga kechikib kelishi natijasida, o‘qituvchi N.G‘ bilan o‘zaro kelishmovchilik yuzaga kelgan.
Holatdan habar topgan o‘quvchi U.Aning oila a’zolari maktab binosiga kelib, maktab ma’muriyati bilan janjallashgan.
Natijada esa o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari hushini yo‘qotgan va Guliston shahar shoshilinch tez-tibbiy yordam markaziga joylashtirilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan dastlabki tergov surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Sirdaryo viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati