Google texnologiya giganti Saudiya Arabistonida sun’iy intellektga yo‘naltirilgan yangi ma’lumotlar markazini ochadi.
Saudiya Arabistoni Suveren jamg‘armasi va Google tomonidan e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, yangi sun’iy intellekt markazi arab tilidagi sun’iy intellekt modellari va Saudiya Arabistoniga xos sun’iy intellekt ilovalari bo‘yicha tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Bayonotda ushbu tadqiqotlar tafsilotlari yoki maqsadlari aniqlanmagan. Biroq ishlanmalardan Saudiya Arabistoni iqtisodiyoti uchun neft va tabiiy gaz ishlab chiqarish kabi muhim sohalarda foydalanish mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Aramco davlat neft kompaniyasi o‘z faoliyatida allaqachon sun’iy intellektdan foydalanmoqda. Ma’lum qilinishicha, sun’iy intellekt ilovalaridan foydalanish Aramco neft konlaridan birida ishlab chiqarish hajmini 15 foizga oshirishga yordam bergan.
So‘nggi yillarda Saudiya Arabistoni o‘z iqtisodiyotini neft va tabiiy gazdan diversifikasiya qilishga intilmoqda. Ushbu tashabbuslarda texnologiyaga investisiyalar muhim o‘rin tutadi.