Bugun 19 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Globallashuv sharoitida harbiy xavfsizlikni ta’minlashda qurolli kuchlarning roli va ahamiyati

Globallashuv sharoitida harbiy xavfsizlikni ta’minlashda qurolli kuchlarning roli va ahamiyati

Davlatimizning mustaqillikka erishgan dastlabki kunlaridanoq, mamlakat mudofaasini tashkil etish hamda Qurolli Kuchlarimiz faoliyatining huquqiy mezonlarini ishlab chiqish masalalariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni sifatida jiddiy ahamiyat qaratildi.

Mintaqada yuzaga kelgan harbiy-siyosiy va harbiy-strategik vaziyatdan kelib chiqqan holda va dunyoda kechayotgan siyosiy jarayonlar rivojining tahlilidan kelib chiqib, davlat manfaatlarini himoya qilishga qodir bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari yaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mamlakatimiz Qurolli Kuchlarini tashkil etish bo‘yicha bir necha me’yoriy hujjatlarni imzolandi. Ulardan birinchilar qatorida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992 yil 6 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligi va Qurolli Kuchlar Bosh shtabining yaratilishi to‘g‘risida”gi qarorining imzolanishidir. Ularning maqsadlari – bosqichma-bosqich professional armiyani yaratish, tarkibi bo‘yicha kam sonli, ixcham, biroq harakatchan, zamonaviy harbiy texnika va qurol-yarog‘ bilan jihozlangan, O‘zbekiston xavfsizligini mustaqil va ishonchli himoya etishga qodir armiyani yaratish edi.

Mustaqillik yillarida Hukumat tomonidan qabul qilingan bir qator qarorlar xalqimiz va mamlakat yoshlari orasida harbiy xizmat nufuzini oshirdi. Bularning barchasi amalda Qurolli Kuchlarning O‘zbekiston Respublikasida tug‘ilgan mahalliy harbiy kadrlar bilan ta’minlashga imkon yaratdi.

So‘ngi yillarda milliy armiyani izchil qurish va isloh etish Qurolli Kuchlarning qiyofasi, tashkiliy tuzilishi, qo‘shinlarni boshqarish tizimi, harbiy kadrlarni tayyorlash tizimi tubdan o‘zgartirildi, qo‘shinlar qurol-aslaha va texnikaning eng yangi namunalari bilan ta’minlandi. Shu bilan birga, respublikamizning geostrategik joylashuvi, shuningdek, mintaqada yuzaga kelayotgan harbiy-siyosiy vaziyatni hisobga olib, harbiy okruglar va qo‘shinlarning tuzilishi va vazifalari qayta ko‘rib chiqildi. Qo‘shinlarni qurol-aslaha va harbiy texnikaning eng zamonaviy namunalari bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi amalda o‘zining zamonaviy, ixcham, harakatchan, mamlakatimiz xavfsizligi, barqarorligi, sarhadlari-mizning daxlsizligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishga qodir bo‘lgan milliy armiyasiga ega.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, tinchlik davrida Qurolli Kuchlar O‘zbekiston Respublikasi hududiy yaxlitligi va xavfsizligini ta’minlaydi, xavfsizlikka tahdidlarni bartaraf qilish vositalaridan biri hisoblanadi, urush davrida esa Qurolli Kuchlar davlat xavfsizligi va suverenitetini himoya qilish vazifalarini to‘la bajarishga qodir. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari qo‘shinlarida harbiy xizmatchilarning kasbiy mahorati, harbiy qism va bo‘linmalarning jangovar qobiliyatini real oshirish, qo‘shinlar jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarligini tashkillashtirish tizimini takomillashtirish borasida muntazam ishlar olib borilmoqda.

Hozirgi kunda shiddat bilan o‘zgarib borayotgan tahlikali vaziyatning, globallashuv davom etayotgan va xalqaro munosabatlarning butun tizimi o‘zgarib borayotgan sharoitlarda jahondagi harbiy-siyosiy vaziyat xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka xavf-xatar hamda tahdidlar ko‘lami tobora kengayib bormoqda. Buning oqibatida jahondagi vaziyat murakkablashib, tanglik o‘choqlarining global miqyosda keskinlashuviga hamda yangilari paydo bo‘lishiga olib keladi. Shunday bir globallashuv sharoitlarida harbiy xavfsizlikni ta’minlashda Qurolli Kuchlarning o‘rni va roli muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 9 yanvardagi “Mudofaa doktrinasi to‘g‘risida” 458-sonli qonuni davlatimizning harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha qat’iy pozisiyasini ifoda etadi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining mudofaa sohasidagi siyosati quyidagi prinsiplarga asoslangan:

boshqa davlatlarga qarshi harbiy kuch ishlatmaslik, bundan harbiy tajovuzning oldini olish va uni daf etish hollari mustasno;

xavfsizlikning bo‘linmasligi, o‘z xavfsizligini boshqa davlatlar xavfsizligi hisobiga mustahkamlashga yo‘l qo‘yilmasligi;

boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, ehtimol tutilgan nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish;

harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmaslik, har kanday davlatlararo tuzilmadan, agar u harbiy-siyosiy blok etib o‘zgartirilsa, chiqib ketish huquqini o‘zida saqlab qolish;

mudofaaning yetarli darajada bo‘lishi;

harbiy qurilishning zamonaviy harbiy mojarolar xususiyatiga monand bo‘lishi;

yadroviy va boshqa turdagi ommaviy qirg‘in qurolini ishlab chiqarish, olish, saqlash, tarqatish va joylashtirishdan voz kechish;

Markaziy Osiyoda yadro qurolidan holi zona to‘g‘risidagi shartnoma prinsiplariga sodiqlik;

o‘z hududida chet el harbiy bazalari va ob’ektlarining joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymaslik;

Qurolli Kuchlarning xorijdagi tinchlik o‘rnatish bilan bog‘liq operasiyalarda va harbiy mojarolarda ishtirok etmasligi;

xalqning ma’naviy-axloqiy qadriyatlariga va o‘ziga xos madaniy tamadduniga tayanish.

Joriy yilning 12 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida Prezidentimiz tomonidan Qurolli Kuchlarni rivojlantirish va mamlakat mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlash hamda bu borada zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari va ilg‘or innovasiyalarni keng tatbiq etish bo‘yicha muhim ko‘rsatmalar berilib, barcha darajadagi qo‘mondonlik va boshqaruv organlari faoliyatini takomillashtirish, qo‘shinlarda avtomatlashtirilgan boshqaruv vositalari va komplekslarni joriy qilish orqali ularning hamkorlikdagi operativ va jangovar tayyorgarlik darajasini oshirish, axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash istiqboldagi dolzarb vazifalar belgilandi.

Bugungi kunda har qanday armiyaning jangovar shayligi nafaqat uning zamonaviy qurol-aslahalar va harbiy texnikalar bilan butlanganligi, balki shaxsiy tarkibning ayni o‘sha zamonaviy harbiy texnikalarni boshqarishni qay darajada o‘zlashtirganligi hamda jangovar sharoitlarda uni mohirlik bilan boshqara olishiga ham bevosita bog‘liq.

Mamlakatning mudofaa faoliyatini takomillashtirish, harbiy sohada milliy xavfsizlikka nisbatan mavjud tahdidlarni hisobga olgan holda Qurolli Kuchlarni isloh qilish masalasi bugungi kunning dolzarb mavzusi sanaladi. Buning uchun ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganib, harbiy san’at nazariyasi va amaliyotini rivojlantirish talab etiladi.

Bu ma’noda xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkohurujlar hamda uyushgan jinoiy guruhlarga qarshi kurashish har bir mamlakatning ustuvor vazifasi hisoblanadi. Buning uchun mintaqaviy hamkorlik va o‘zaro hamjihatlikda tinchlikni ta’minlash yo‘lida harbiy-ilmiy hamkorlik doirasini kengaytirish maqsadga muvofiqdir.

O‘zbekiston Respublikasining mudofaa va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan barcha tizimli chora-tadbirlari va sa’i-harakatlari mintaqa va jahon miqyosida tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga qaratilgan.

Garchi xavf va tahdidlar mavjud bo‘lsada, yangi O‘zbekistonni musaffo osmoni va chegaralarining daxlsizligi oshonchli qo‘llardadir.

Umid Muysinaliyev, Xusanali Pardayev,

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi Ilmiy-tadqiqotlar instituti xodimlari

Kiritildi: 16:46 02.08.2021. O'qildi: 3914 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!