Isroil armiyasi G‘azo sektorida “Gidyon aravalari” deb nomlangan harbiy operasiyaning yangi bosqichi boshlanganini e’lon qildi.
“ID so‘nggi kunlarda G‘azodagi hududlarda nazorat o‘rnatish uchun keng ko‘lamli zarbalar va qo‘shin safarbarligini boshladi”, — deyiladi ID bayonotida.
Isroil harbiylariga ko‘ra, so‘nggi 24 soat ichida butun sektor bo‘ylab 150 dan ortiq “terrorchilik nishonlari”ga hujum qilingan. Shu bilan birga, G‘azodagi manbalar G‘azo shahri hududida kuchli portlashlar va o‘qqa tutilganini xabar qilmoqda. XAMAS nazoratidagi Fuqarolik mudofaa boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, bir kun avval zarbalar natijasida kamida 100 kishi halok bo‘lgan.
IDning hujumi AQSh prezidenti Donald Tramp Fors ko‘rfazi mamlakatlariga safarini yakunlaganidan ko‘p o‘tmay boshlandi. Isroil matbuoti xabar qilishicha, agar XAMAS bilan yangi kelishuvga erishilmasa, bosh vazir Benyamin Netanyaxu Amerika yetakchisi ketganidan so‘ng darhol harbiy amaliyotni kengaytirish niyatida.
“Yaqin kunlarda biz kampaniyani yakunlash uchun u yerga [G‘azo sektoriga] to‘liq kuch bilan kiramiz”, — deya tasdiqladi Netanyaxu.
Uning so‘zlariga ko‘ra, XAMAS qolgan garovga olinganlarni ozod qilishni taklif qilgan taqdirda ham Isroil urushni to‘xtatmaydi: faqat qisqa muddatli pauza mumkin, ammo jangovar harakatlarni to‘liq tugatish mumkin emas. Vaziyat avj olgan bir paytda, gumanitar tashkilotlar va BMT G‘azoda ocharchilik tahdidi kuchayib borayotganidan ogohlantirmoqda.