Rossiya gazi yo‘qligi sabab Germaniyada energetika inqirozi davom etmoqda. Bu haqda Germaniya kansleri Fridrix Mers ZDF telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Biz Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan mutlaqo boshqa chaqiriqqa duch kelmoqdamiz. Rossiya gazi yo‘qligi tufayli energetika inqirozi davom etmoqda”, — dedi u.
Mers bu fikrni saylovchilarga bergan baland va’dalarini xato deb hisoblaydimi, degan savolga javoban bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kanslerlik faoliyati boshida hukumat boshqa shart-sharoitlardan kelib chiqqan, biroq xalqaro muammolarning cho‘zilishi vaziyatni o‘zgartirgan.
Kansler Xitoy tomonidan raqobat kuchayganini hamda Donald Tramp prezidentligi davrida AQSh bilan munosabatlar murakkablashganini ta’kidladi. Uning aytishicha, Vashington NATOni avvalgi o‘nlab yillardagi kabi qo‘llab-quvvatlamayapti.
Germaniya iqtisodiyoti uzoq yillar davomida Rossiyadan quvur orqali yetkazib berilgan nisbatan arzon gazga tayangan. U gaz nafaqat uylarni isitishda, balki sanoat korxonalari va elektr stansiyalarida ham ishlatilgan.
Rossiya gazi yetkazib berish hajmining qisqarishi Yevropa bozorida gaz narxining keskin oshishiga olib keldi.
Xalqaro energetika agentligi Germaniyada yuqori elektr energiyasi narxlari iqtisodiyotning raqobatbardoshligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini qayd etgan. Agentlikka ko‘ra, sanoat, ayniqsa, tabiiy gaz narxining yuqoriligi bilan bog‘liq bosimni his qilmoqda.
Germaniya Federal statistika idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, energiyani ko‘p talab qiladigan sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarish 2025 yilda 2021 yilga nisbatan 17,8 foiz kam bo‘lgan.