Germaniya favqulodda vaziyatlarda fuqarolarni himoya qilish uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan boshpanalar ro‘yxatini yaratish ustida ish boshladi. Tekshiruvlar Rossiya Ukrainani «Oreshnik» qit’alararo ballistik raketasi bilan urganidan keyin boshlandi - bu qurol 3-4 tagacha yadro kallaklarini olib yurishga qodir. Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘tgan hafta Moskva Ukrainaga qurol yetkazib beruvchi NATO davlatlarini qonuniy nishon deb bilishini aytdi.
Shundan so‘ng Germaniya Ichki ishlar vazirligi zudlik bilan mamlakatning yadroviy zarba berishga tayyorligini tekshirishni boshladi. Agentlik tegishli joylarni, jumladan, yer osti metro bekatlari, avtoturargohlar, davlat binolari va xususiy mulklarni aniqlashni boshladi. Ushbu boshpanalarga kirishni osonlashtirish uchun fuqarolarga maxsus mobil ilova yordamida eng yaqin boshpanalarni topish imkonini beruvchi raqamli ma’lumotnoma ishlab chiqiladi. Shuningdek, aholiga yerto‘la va garajlarni himoya binolari sifatida jihozlash taklif etiladi.
Hozirda Germaniyada 579 ta boshpana mavjud bo‘lib, ular asosan Ikkinchi jahon urushi va sovuq urush davrida qurilgan. Ular 480 ming kishini sig‘dira oladi - bu o‘tmishdagiga qaraganda ancha kam, o‘shanda 2000 ga yaqin shunday ob’ektlar mavjud edi.
Vazirlik vakilining ta’kidlashicha, loyiha keng ko‘lamli bo‘lib, Fuqaro muhofazasi va tabiiy ofatlarni boshqarish federal boshqarmasi hamda boshqa idoralar o‘rtasida muvofiqlashtirishni talab qiladi. Amalga oshirish uchun aniq muddat berilmagan bo‘lsada, rejaning asosiy jihatlari iyun oyida bo‘lib o‘tgan konferensiyada bayon etilgan va hozirda loyiha ustida ish olib borilmoqda.
2022 yil fevral oyida Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan beri Germaniya mudofaasini kuchaytirib, yangi bomba boshpanalarini qurishni boshladi. Germaniya razvedka xizmatlariga ko‘ra, Rossiya 2030 yilgacha NATOga zarba berish qobiliyatiga ega bo‘lishi mumkin. Germaniya rasmiylari, shuningdek, Rossiya razvedkasi faolligi va Germaniyadagi sabotaj operasiyalari kuchayganini qayd etmoqda. Xususan, nemis OAVlari Leyptsig aeroportida yuk tashuvchi samolyotda portlovchi qurilma bilan sodir bo‘lgan voqea ortida Rossiya turgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.