Filippinda basketbol bo‘yicha erkaklar jamoalari o‘rtasidagi jahon chempionati yakuniga yetdi.
Ushbu basketbol mundiali kutilmagan natijalarni taqdim etgani bilan tarixga kirdi. "Moll of Aziya-Arena"da bo‘lib o‘tgan finalda nemis basketbolchilari 83:77 hisobida zafar quchishdi va o‘z tarixlarida ilk bor jahon chempioniga aylanishdi.
Shu kungacha Germaniya 2002 yilgi jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritgandi. Finalning eng foydali o‘yinchisi Dennis Shryoder bo‘ldi, u o‘z hisobiga 28 ochko yozdirib qo‘ydi. Serbiya tarkibida Aleks Avramovich 21 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi. Germaniya jahon chempionatidagi barcha 8 uchrashuvda g‘alaba qozondi. Serbiya esa finalgacha guruh bosqichida faqat Italiyaga 76:78 hisobida yutqazgandi.
Bronza medal sohibini aniqlab beruvchi uchrashuvida yarim final alamzadalari Kanada va AQSh terma jamoalari to‘qnash kelishdi. Uchrashuvda kanadalik basketbolchilar overtaymda 127:118 hisobida g‘alaba qozonib, jahon chempionatining bronza medaliga sazovor bo‘lishdi.