BILD jurnalisti Yan-Filipp Burgard Isroil harbiylari bilan birga G‘azo sektori ostidagi HAMAS tunnellaridan birida bo‘ldi.
Isroil harbiylarining ma’lum qilishicha, yer ostidagi tunnellar tarmog‘i yuzlab kilometrga cho‘zilgan bo‘lib, uning qurilishi 20 yildan ortiq vaqt davom etgan.
Tunnellar boshpana, qo‘mondonlik punktlari va qurol-yarog‘ omborlari sifatida ishlatilgan. 2023 yil 7 oktyabrdan keyin ularga isroillik garovdagilar ham olib kelingani aytilmoqda.
Jurnalistlar tunnellardan birida marmar bilan bezatilgan, matras, ko‘zgu va hammomga ega xonani ham ko‘rgan. Isroil harbiylari uni hazil tariqasida «prezident lyuksi» deb atagan. Taxminlarga ko‘ra, bu yerda HAMASning yuqori martabali qo‘mondonlari bo‘lgan.
Isroil harbiylari tunnellar infratuzilmasini to‘liq yo‘q qilish yana bir necha yil davom etishi mumkinligini bildirgan. Ularning ta’kidlashicha, HAMAS hozir kichik jangovar guruhlar, pistirmalar, portlovchi qurilmalar va saqlanib qolgan tunnellardan foydalanmoqda.
Shu bilan birga, Burgard Isroil armiyasiga nisbatan xalqaro tanqidlar, jumladan, tinch aholi orasidagi qurbonlar va nishonlarni tanlashda sun’iy intellektdan foydalanish masalalariga ham to‘xtalgan.
Isroil harbiylari bu ayblovlarni rad etib, zarba berish bo‘yicha yakuniy qarorni doimo insonlar qabul qilishini ta’kidlagan.