Bugun 14 iyun, 2025 yil, shanba

КИР

G‘azo mojarosi Isroilga qimmatga tushmoqda: YEI va London savdo kelishuvlarini qayta ko‘rib chiqmoqda

G‘azo mojarosi Isroilga qimmatga tushmoqda: YEI va London savdo kelishuvlarini qayta ko‘rib chiqmoqda

Evropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya Isroil bilan savdo munosabatlari qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.

Evroittifoqning Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas ittifoqning Isroilga savdo imtiyozlari beradigan Assosiasiya bitimi qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, YEI mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining Bryusselda o‘tgan yig‘ilishida Niderlandiya Yevroittifoq va Isroil o‘rtasidagi mazkur bitimni qayta ko‘rib chiqishni taklif etgan.

Niderlandiya tashqi ishlar vaziri Kaspar Veldkamp Kaya Kallasga yo‘llagan maktubida "G‘azo sektorining blokadasi xalqaro gumanitar huquqni buzishi va shu bilan Yevroittifoq-Isroil Assosiasiya bitimining 2-moddasiga xilof" ekanini bildirdi. 2000 yilda kuchga kirgan ushbu bitimning 2-moddasi hamkorlikni "inson huquqlari va xalqaaro huquqqa sadoqat" bilan bog‘laydi.

Assosiasiya bitimini qayta ko‘rib chiqishni hozircha ittifoqning 17 davlati ochiq qo‘lladi: Niderlandiya, Fransiya, Irlandiya, Shvesiya, Ispaniya, Belgiya, Portugaliya, Finlandiya, Sloveniya, Lyuksemburg va boshqalar. Germaniya, Italiya, Vengriya, Gresiya va yana bir necha davlat esa qarshi chiqqan. Shvesiya tashqi ishlar vaziri sanksiyalarni Isroilning ayrim amaldorlariga nisbatan ilgari surishni ham qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Bundan tashqari, Buyuk Britaniya Isroil bilan yangi erkin savdo bitimi bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatdi. Mamlakat tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi Isroil hukumati G‘azo va G‘arbiy sohildagi ayanchli siyosatni davom ettirayotgan bir paytda, mavjud savdo bitimini yangilash bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish mumkin emasligini aytdi.

"Biz chetda turib, vaziyat yomonlashuvini tomosha qila olmaymiz. Bu ikki tomonlama munosabatlarimizga asos bo‘lgan prinsiplarga va Britaniya xalqi qadriyatlariga zid keladi. Shu bois, bugun men Netanyahu hukumati bilan yangi erkin savdo bitimi bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatganimizni e’lon qilaman. Bu qaror Isroil hukumatining harakatlari tufayli zaruratga aylandi. Tarix ularni baholaydi. Yordamni to‘sish. Urushni kengaytirish. Do‘stlaringiz va hamkorlaringiz xavotirini inkor etish – bularni oqlab bo‘lmaydi. Bu to‘xtatilishi kerak", — dedi Buyuk Britaniya TIV rahbari parlamentdagi nutqida.

Kiritildi: 16:26 21.05.2025. O'qildi: 532 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!