Isroil havo kuchlarining G‘azo sektori janubidagi Rafah shahriga uyushtirgan zarbalari oqibatida kamida 17 falastinlik halok bo‘ldi, o‘nlab odamlar yaralandi. Bu haqda Anadolu agentligiga voqea guvohlari ma’lum qildi.
Isroil armiyasi G‘azo janubiga hujum qilishda davom etmoqda, u yerda "xavfsiz" deb falastinliklarni ko‘chishga majbur qilgan.
Xabar qilinishicha, Isroil qo‘shinlari Abu Yusuf an-Najjar kasalxonasi hududidagi ikkita uyni o‘qqa tutgan.
Hujum paytida vayron bo‘lgan binolar ostida o‘nlab odamlar qolgan.
"Bomba portlashi natijasida ko‘plab uylar vayron bo‘ldi, ba’zilariga zarar yetdi. Bu turar-joy massivi, bu yerda tinch aholi va fermerlar yashaydi, oramizda jangarilar yo‘q”, — dedi guvohlardan biri.
Qayd etilishicha, mahalliy aholining ahvoli yomg‘ir va sovuq havo tufayli murakkablashmoqda.