Qo‘shma Shtatlar va NATOning boshqa davlatlari Ukrainaga yangi qurol-yarog‘ yetkazib berish uchun zaxira topishda qiynalmoqda, deb yozadi New York Times nashri.
Evropada Tanklar va artilleriyadan bunday faol foydalanishga olib keluvchi yangi urush yuzaga kelishi G‘arb siyosatchilari uchun aqlga sig‘maydigandek tuyulgan va NATO so‘nggi o‘n yillikda o‘z arsenallarini sezilarli darajada qisqartirgan.
Hatto Qo‘shma Shtatlar ham ukrainaliklar uchun zarur bo‘lgan qurol-yarog‘ning cheklangan zaxiralariga ega va Vashington asosiy qurollarni Xitoy va Shimoliy Koreyaga qarama-qarshi bo‘lgan Tayvan va Koreya yarim oroli kabi potensial xavotirli mintaqalardan olib chiqishni istamaydi.
Endi esa, urush boshlanganidan to‘qqiz oy o‘tib, bunday mojarolarga tubdan tayyor emasligi sababli, G‘arb Ukrainaning zaruriy ehtiyojlarini ta’minlash va NATO zaxiralarini to‘ldirish yo‘llarini topishga astoydil harakat qilmoqda.
Ukrainada tomonlar qurol va o‘q-dorilarni Ikkinchi jahon urushidan beri kuzatilmagan miqdorda ko‘p sarflamoqda, deb yozadi New York Times.
NATO rasmiylariga ko‘ra, ishlatilgan artilleriya miqdori hayratlanarli darajada ko‘p. Afg‘onistonda NATO kuchlari kuniga 300 ta artilleriya o‘qini ishlatishi va havo hujumidan mudofaa haqida ko‘p tashvishlanmasligi mumkin.
Ammo Ukraina kuniga minglab o‘q uzishi mumkin va shunda ham Rossiya raketalari va Eronda ishlab chiqarilgan o‘zi uchar uchoqlarga qarshi havo mudofaasiga juda muhtoj.
"Ukrainadagi bir kun Afg‘onistondagi bir oy yoki undan ko‘proq vaqtga teng", dedi yaqin vaqtgacha NATO bosh kotibining mudofaa sarmoyalari bo‘yicha yordamchisi bo‘lgan, tashqi aloqalar bo‘yicha Yevropa kengashining mudofaa eksperti Kamil Grand NYT'ga.
Ukrainaliklar o‘tgan yozda Donbasda kuniga 6 000 dan 7 000 gacha artilleriya o‘qlarini ishlatgan, deydi NATOning yuqori martabali rasmiysi. Rossiya qo‘shinlari esa kuniga 40 mingdan 50 minggacha artilleriya o‘qlarini ishlatgan.
Taqqoslash uchun, AQShda har oy atigi 15 mingta snaryad ishlab chiqariladi.
Shunday qilib, G‘arb Ukraina hozir foydalanishi mumkin bo‘lgan Sovet davridan qolgan, tobora kamayib borayotgan uskunalar va o‘q-dorilarni, jumladan S-300 havo mudofaa raketalari, T-72 tanklari va ayniqsa, Sovet kalibrli artilleriya snaryadlarini topishga urinmoqda.
Ular Janubiy Koreya kabi mamlakatlardan Ukraina uchun o‘q-dorilar xarid qilishni tashkil etishga harakat qilmoqda.
Hatto NATOning Chexiya, Slovakiya va Bolgariyadagi eski zavodlarida Ukraina artilleriyasi uchun 152 mm va 122 mm sovet kalibrli snaryadlarini ishlab chiqarishni qayta boshlash uchun NATO sarmoyasi haqida bahslar ketmoqda.
Ammo bu harakatlar ham huquqiy, ham amaliy muammolarga sabab bo‘lishi mumkin, deya qayd etadi gazeta.
Shveysariya va Italiya kabi ayrim Yevropa davlatlari urush holatidagi mamlakatlarga qurol yetkazib berishda qonuniy cheklovlarga ega.
Bundan tashqari, bir qancha NATO qurollari boshqa mamlakatlarda ishlab chiqarilgan o‘q-dorilardan foydalanish uchun sertifikatlangan.
Ruslarning ta’minotida ham o‘ziga xos muammolar mavjud. Ular endi kamroq artilleriya snaryadlaridan foydalanishmoqda. Bu kabi muammoga duch kelgan Moskva harbiy ishlab chiqarishni oshirishga harakat qilmoqda, deb yozadi AQShning New York Times gazetasi o‘zining tahliliy maqolasida.