A. X. (1986 yilda tug‘ilgan, Furqat tumani IIB boshlig‘i lavozimida ishlagan) va J. R. (1991 yilda tug‘ilgan, Furqat tumani IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan)ga oid jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tuman sudida ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jamoatchilik bilan aloqalar markazi rahbari Aziz Abidov o‘zining Telegram-kanali orqali ma’lumot berdi.
Tergov organining xulosasiga ko‘ra sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 141-1-moddasi (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlari, 141-3-moddasi (shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish) 2-qismi “b” bandi, 142-moddasi (fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish), 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi, 230-2-moddasi (tezkor-qidiruv faoliyati natijalarini soxtalashtirish (qalbakilashtirish) 1-qismi va 234-moddasi (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Qo‘shimcha ma’lumot sud jarayoni yakuni bo‘yicha beriladi.