Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ko‘p qavatli uylarning birida sodir bo‘lgan gaz chaqnashining kelib chiqishiga sababchi bo‘lgan fuqaro 9-qavatdan o‘zini pastga tashlab halok bo‘ldi.
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ko‘p qavatli uylarning birida gaz chaqnashi sodir bo‘lgani haqida xabar bergan edik.
Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mazkur hodisa yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, bugun, Toshkent shahar FVB ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in soat 16:07 da to‘liq bartaraf etildi. Tezkor choralar natijasida 6 kishi qutqarildi. Voqea oqibatida bir necha kishi, jumladan ikki nafar bola jarohat oldi. Afsuski, bir bola shifoxonaga olib ketilayotganda vafot etdi, ikkinchisi shifokorlar nazorati ostida. Barcha jabrlanganlar tez tibbiy yordam xodimlariga topshirildi.
Hozirda voqea joyida turar-joy binosining hayot faoliyatini tiklash ishlari olib borilmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisaga xonadonda yashovchilardan birining o‘z joniga qasd qilishga urinishi sabab bo‘lgan. Fuqaro gaz plitasini ataylab yoqqan, so‘ngra gaz-havo aralashmasi chaqnashi va yong‘in sodir bo‘lgan. Shundan keyin u o‘zini 9-qavat derazasidan tashlab, halok bo‘lgan.