Parijda Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkoziga qarshi yangi ish ko‘rib chiqilmoqda. U 2007 yildagi saylovoldi kampaniyasi uchun Liviya prezidenti Muammar Qaddafidan 50 million yevro olganlikda ayblanmoqda.
Sarkoziga qo‘yilgan ayblovlar orasida passiv korrupsiya, saylovoldi kampaniyasini noqonuniy moliyalashtirish, davlat mablag‘larini talon-toroj qilish va jinoiy guruhda ishtirok etish mavjud. Sobiq prezidentdan tashqari, yana 11 kishi, shu jumladan uch nafar sobiq vazir ham sudlanmoqda.
Agar sud Sarkozini aybdor deb topsa, unga 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishi mumkin. Sobiq prezident Qaddafidan pul olgani haqidagi ayblovlarni rad etib keladi.
Bundan avval Nikolya Sarkozi 2012 yildagi prezidentlik saylovoldi kampaniyasida qonunda belgilangan limit — 22,5 million yevro o‘rniga kamida 42,8 million yevro sarflagani uchun bir yillik qamoq jazosiga hukm qilingandi.