11 oktyabrga o‘tar kechasi hakerlar Fransiyadagi yuzlab supermarketlarning sovutish tizimlariga kiberhujum uyushtirdi. Jinoyatchilar uskunalarni muzdan xalos bo‘lish rejimiga o‘tkazib yuborgan, oqibatda do‘konlar aynigan mahsulotlarni tashlab yuborishga majbur bo‘ldi, deb xabar berdi Bloomberg.
Intermarché tarmog‘iga egalik qiluvchi Groupement Mousquetaires vakilining so‘zlariga ko‘ra, tarmoqning 150 ga yaqin do‘koni zarar ko‘rgan. Sovutgich va muzlatkichlar taxminan olti soat davomida Selsiy bo‘yicha 50 darajagacha qizib ketgan, oqibatda go‘sht, muzlatilgan mahsulotlar va sabzavotlar aynib qolgan. Mousquetaires ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur tizimlarni Daniyaning Danfoss kompaniyasi boshqargan va rasmiylarga aynan yetkazib beruvchining o‘ziga shikoyat bilan murojaat qilish lozim.
Hujum Coopérative U tarmog‘iga ham daxl qilgan, bu haqda tarmoq bosh direktori Dominik Shelsher ma’lum qildi. Uning yuzga yaqin do‘koni jabrlangan. Shuningdek, ba’zi Leclerc supermarketlari ham hakerlar nishoniga aylangan. Danfoss Fransiyadagi hodisalardan xabardor ekanini va mijozlar bilan birgalikda oqibatlarni bartaraf etish choralarini ko‘rayotganini bildirdi.
Danfoss vakili Lars Grubak Loff asosan sovutish tizimlarini boshqarishning eskirgan modellari, jumladan, dasturiy ta’minot tizimlari buzib kirilganini aytdi.
«Danfoss mijozlarga qo‘llab-quvvatlanadigan tizimlarning proshivkasini doimiy ravishda yangilab borishni hamda eskirgan tizimlardan zamonaviy avlod yechimlariga o‘tishni allaqachon tavsiya qilib keladi».