Fransiya sudi jihodchi Sabri Essidni Iroqdagi yazidiylarga qarshi ISHID tomonidan amalga oshirilgan genosidda ishtirok etgani uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qildi.
Bu Fransiyada mazkur jinoyatlar bo‘yicha o‘tkazilgan birinchi sud jarayoni hisoblanadi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Essid ISHID safida faoliyat yuritgan va yazidiy ozchiligiga qarshi zo‘ravonliklarda ishtirok etgan.
Ayni paytda, u 2018 yilda halok bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Biroq uning o‘limi rasman tasdiqlanmagani sababli sud uni sirtdan (g‘oyibona) sud qilib, aybdor deb topdi.
Mazkur ish xalqaro miqyosda katta ahamiyatga ega bo‘lib, ISHID tomonidan sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlikni ta’minlash yo‘lida muhim qadam sifatida baholanmoqda.