— Folbinga borgan odamning nikohi bekor bo‘ladi-mi?
— Ibn Obidin rahimahulloh: “Kim: “Men o‘g‘irlangan narsalarni bilaman va jin menga xabar bergan narsalarning xabarini beraman” desa, kofir bo‘ladi”, degan. (Roddul muxtor). Bularning qatoriga g‘aybdan bashorat beruvchi munajjim va kaft, tosh va boshqa narsalarga qarab fol ochuvchilar ham kiradi.
- Kim folbin g‘aybni biladi degan e’tiqodda uning huzuriga borsa va aytganini tasdiq qilsa, kofir bo‘ladi va ayoli bilan oralaridagi nikohi buziladi. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim kelajakda bo‘ladigan ishlardan habar beruvchining yoki bo‘lib o‘tgan g‘ayb ishlardan habar beruchining huzuriga borsa va uning aytganlarini tasdiq qilsa, batahqiq Muhammadga nozil qilingan narsaga kofir bo‘libdi”, deganlar (Imomi Ahmad rivoyati).
- Kim folbinlar g‘aybni bilmaydi, degan e’tiqodda bo‘laturib, ulardan biror narsa so‘rashga borsa, harom ishga qo‘l urgan bo‘ladi va qirq kunlik namozi qabul bo‘lmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim folbinga borib undan biror narsa so‘rasa, qirq kunlik namozi qabul bo‘lmaydi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Muhammad Ayyub HOMIDOV