Bugun 2 iyul, 2024 yil, seshanba

КИР

Firibgarlarning sehrli tayoqchasi bormi?

Firibgarlarning sehrli tayoqchasi bormi?

Nishon tumanida yashovchi S. Norov(maqoladagi barcha ism-familiyalar o‘zgartirilgan) o‘zganing mol-mulkini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritishda ustasi faranglardan bo‘lib chiqdi.

Anoyining jaydari olmasi har qo‘lda o‘ynaydi, deganlaridek, u atay o‘zini ovsarlikka soladiki, ipday eshilib cho‘ntagingizdagi so‘nggi chaqani qurtday sanab olganini ham sezmay qolasiz. Tanishi D.Tohirovaga tegishli bo‘lgan to‘rt bosh yirik shoxli qoramolni 35 million so‘mga sotib olishga kelishib, oldindan o‘n millionini berib, ishonchiga kirib oladi. Ana endi qolgan yigirma besh million so‘mni o‘z ehtiyojlariga bemalol ishlataveradi. O‘zi xon, ko‘lankasi maydon. Ikki oy ichida ana shu summani qaytarishga so‘z bergan kimsani tutib bo‘psiz. Bechora ayolning kalishi uning uyi ostonasiga qatnayverib titilib ketdi.

Safaraliboy jinoiy harakatlarini takroran davom ettirib, issiq iz bosilmasidan navbatdagi “mijoz”i SH.Mengliboyevning yashash uyiga borib, yangi hunarini ishga solib unga tegishli bo‘lgan ona-bola sigirni 7.250.000 so‘mga sotib oladi. Va uning qo‘liga 2.100.000 so‘mni tutqazib, qolganini ikki oy ichida qaytarishga va’da beradi. Ammo va’da unutiladi, sigirini unga pullagan mijoz alam dog‘ida qovrilib qolaveradi. Safaraliboy uning 5.150.000 so‘mlik mol-mulkini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganidan oyog‘i yer iskamay yangi mijoz qidirishga tushadi. Qisqa fursatda u N. Xolyarovaning ikki bosh yirik qoramolini aldov yo‘li bilan sotib olib, unga yana berishi mumkin bo‘lgan o‘n million so‘mni o‘zlashtirib ketadi.

Bundan tashqari, S.Norov jinoiy harakatlarini takroran davom ettirib, R.Safarov va D. Mamatqulovning yashash uyiga borib, birining bir bosh yirik shoxli qoramolini 11.500.000 so‘mga sotib olishga kelishib, bor- yo‘g‘i bir million so‘m pul to‘lab, 10.500.000 so‘m pullarni qaytarishni unutadi. D. Mamatqulovga ham eski hunarini ishga solib, arzimas pul to‘lab, sakkiz million so‘mni qaytarmay firibgarlikka takroran qo‘l uradi.

Muborak tumanida yashovchi Ahmadjon Udayevning hiylasi tulkinikidan o‘tadi. Bahor kelishi bilan odamlar o‘z qoramog‘idagi chorva mollarini boqish uchun cho‘pon qidirishga tushadi. Ana endi Ahmadjon o‘zini cho‘pon ko‘rsatib, har mayda chorva moliga oyiga 20 ming so‘mdan olishini aytib, mijozlarni chorlaydi. Ilk bor uning to‘riga N.Tursunova ilinadi. Uning 10 bosh (jami 17.000.000 so‘mlik) qo‘yini dala maydonlarida boqib berishga ishontiradi. Har oy 10 bosh qo‘y uchun 200.000 so‘mdan naqd cho‘pon puli olib turadi. Qo‘ylarni esa allaqachon sotib yuboradi. Ammo 2022 yilning mart oyi boshidan 2024 yilning yanvar oyiga qadar mijoziga qo‘ylarini boqib yurganligini aytib, undan “ish haqi” uchun 4.400.000 so‘m pulni qurtday sanab oladi. N.Tursunova qo‘ylaridan xabar olgani kelganida chuv tushganligini bilib qoladi. Uddaburon Ahmadjon uning qo‘ylarini gum qilib, “ish haqi”ni uyalmay olib, uning jami 21.400.000 so‘mlik mol-mulkini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan bo‘ladi.

A.Udayev shu “usul” bilan fuqaro A. Boymurodovning 6 bosh echkisi uchun 6.840.000, O.Bekkiyevning 14.610.000, M.Ro‘ziyevning 4.550.000 A.Salomatovning 10.750.000, S.Cho‘lliyevning 12.900.000 so‘mlik mol-mulkini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirgan.

Odamzotning yomon qilig‘i uning sha’n-obro‘sini badnom etadi. Shayton to‘riga ilingan kimsa inqirozini nafs ilonining badxulligidan izlasin. Firibgarlar bugungi kunda nega ko‘paymoqda? Xalqimizning soddadilligi va saxovatpeshaligi ularning urchishiga va har joyda keng tomir otishiga sabab bo‘lmayaptimikan? Tilini ikki quloch osiltirib, tovoningizni yalashga shay turgan kimsalarning goh u mahallada, goh bu mahallada paydo bo‘layotganligidan nega sergak tortmaymiz. Gohida elektr toki yoki gaz pulini yig‘ish maqsadida eshigingizni qoqayotgan kimsalar ham yo‘q emas. Ular soddadil kishilar eshigi ostonasida paydo bo‘lib, ularni elakka solib elashadi. Ba’zida ishonuvchanlik qattiq pand berganligini chuv tushgandan so‘ng tushunib yetamiz. Pul terishga kelgan nazoratchilarning qaysi idoradan ekanligini mahalla fuqarolar yig‘ini faollari yoki uyboshilar bilishi shart. Ana shunda turli qiyofadagi tovlamachilar uyingiz eshigini qoqmoqqa ju’rat qilolmaydi. Qo‘lingizga qalbaki patta tutib, yuz yashirishga ulgurolmaydi. Sizni aldamoqchi bo‘lgan “aldarko‘sa”ning o‘zi aldanadi.

Ammo biz hushyormizmi? Barcha-barchani ogohlantirging keladi. Sizga biron amal kursisini va’da qilgan yoxud farzandingizni ishga joylashtirish, o‘qishga kiritish to‘g‘risida tomdan tarasha tushganday gap qotgan kimsaning imo-ishorasidan shubhalaning. Olifta yigitning cho‘pchagidan gangib, shahar bervormang. Uning shaxsi, amali bilan qiziqing. Shunda firibgar qarshisida og‘zidagini yelga uchirmaydigan mijoz turganligidan hayiqadi. Ikkinchi bir kishining hushyorligidan battar tushovlanadi. Yolg‘onga erk berib, childirma chalaolmaydi. Firibgarning sehrli tayoqchasini ana shu taxlitda qo‘lidan tushirishingiz mumkin. Sizning go‘lligingiz uning sehru jodusiga qanot baxsh etishini aslo unutmang.

Kiritildi: 16:28 24.06.2024. O'qildi: 592 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!