Finlyandiya Rossiya Federasiyasi bilan chegara yaqinida NATO qo‘mondonlik markazini tashkil etmoqda.
Rossiya chegarasidan 200 kilometr uzoqlikda joylashgan Finlyandiyaning Mikkeli shahridagi yangi armiya shtab-kvartirasida turli mamlakatlardan kelgan bir necha o‘nlab xodimlar joylashadi.
"Bu bilan Finlyandiya Rossiyaga NATOning to‘laqonli a’zosi ekanligi haqida signal yubormoqda", — deya ma’lum qildi mamlakat mudofaa vaziri Antti Xyakkyanen. U Finlyandiya armiyasi qo‘mondonligi Mikkeli shahriga joylashayotganini qo‘shimcha qildi.
Iyun oyida NATO mudofaa vazirlari Sharqiy NATO mamlakatlari xavfsizligini ta’minlash uchun Finlyandiyada rotasiyali quruqlikdagi kuchlarni joylashtirishga ham qaror qilishgan edi.
Avgust oyi oxirida Finlyandiya tashqi tahdidlarning oldini olish uchun o‘z hududida NATO zirhli brigadasini joylashtirishi mumkinligi haqida ma’lum qildi. Italehti nashrining yozishicha, Mikkelida 4-5 ming askar va ofiserdan iborat brigada joylashtiriladi. Bundan tashqari, Skandinaviya mamlakatlari tomonidan yarimorol shimoli orqali Norvegiya portlaridan Finlyandiyagacha bo‘lgan harbiy transport koridori yaratilgani ma’lum bo‘ldi.