O‘zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayev «SE» («Sport-Ekspress») nashriga bergan intervyusida bir kun kelib «Barselona»da to‘p tepishni orzu qilishi haqida gapirib berdi.
— Jahon chempionati jiddiy ko‘rik ekanligini hamma biladi. Bu siz uchun ham qo‘shimcha motivasiya hisoblanadimi?
— Jahon chempionati — katta bozor, bunday o‘yinlarni hamma tomosha qiladi. Ammo hozir men bu haqda o‘ylayotganim yo‘q. Bor e’tiborimni Jahon chempionatiga qaratganman. Ayni damdagi eng bosh orzum — mana shu.
— Siz eng ko‘p o‘tishni xohlaydigan biror-bir liga bormi?
— Ispaniya. Doim shuni orzu qilaman. Ammo ko‘ramiz, vaqt ko‘rsatadi.
— Ispaniyada eng ko‘p borgisi kelgan muayyan bir jamoa ham bordir?
— Albatta, «Barselona» — mening eng katta orzum! Va unga erishish uchun harakat qilaman. Vaqt ko‘rsatadi, lekin oxirigacha intilaman.
— O‘zbekistonda har qanday orzu amalga oshishi mumkinligini isbotlayotgan futbolchi bor — Abduqodir Xusanov. U siz uchun o‘rnakmi?
— Uning taqdiri O‘zbekistondagi barcha futbolchilar uchun juda katta motivasiyadir. Bu eng jasur orzular ham, qayerdan bo‘lishingdan qat’i nazar — hatto O‘zbekistonning kichikroq shahridan bo‘lsang ham — amalga oshishi mumkinligiga isbotdir. Agar bunga ishonsang va qattiq harakat qilsang, hamma narsa sodir bo‘lishi mumkin.
— U hatto rasman «Manchester Siti»da mavsumning eng yaxshi uch nafar futbolchisi qatoridan joy oldi. Uning taqdiridagi bunday burilish siz uchun shok bo‘ldimi?
— Yo‘q. Biz u bilan Jahon chempionatida, faqat yoshlar o‘rtasidagi turnirda birga o‘ynaganmiz. O‘sha paytdayoq uning albatta kuchli beshlik (Top-5) ligalarida o‘ynashini his qilgandim. Chunki unda jismoniy ma’lumotlar juda kuchli, o‘yindagi ishonch va agressivlikni u o‘shandayoq ko‘rsata olgandi.
Fayzullayev 2023 yilning avgust oyidan 2025 yilning iyul oyiga qadar SSKA sharafini himoya qildi, shundan so‘ng u «Istanbul Bashaxshehir» klubiga ko‘chib o‘tdi. 2025/26 yilgi mavsumda xavbek Turkiya jamoasi safida 26 ta o‘yinda maydonga tushib, 4 ta gol urdi va 7 ta golli uzatmani amalga oshirdi.