Har bir musulmon namozni besh vaqt to‘kis ado qilishning naqadar muhimligini yaxshi biladi: ijtimoiy mavqei va holatidan qat’iy nazar, kambag‘almi u yoki boy, salomatmi yo kasal (ayrim hollarda yengilliklar bor) – mo‘min kishi Alloh oldida uni yuksak maqomga ko‘taruvchi va qalbini charog‘on qiluvchi har kungi besh vaqt namozni to‘liq ado qilmog‘i farzdir.
Namoz Qiyomat kuni insondan birinchi bo‘lib so‘raladigan foydali va ezgu amaldir. Hadisda shunday deyiladi: “Qiyomat kuni hisob-kitobda birinchi e’tibor qilinadigan amal bu – namoz”. Namozni ado qilish har bir es-hushli va balog‘atga yetgan musulmonning burchi, balog‘atga yetmaganlar esa namozga buyurilmagan, biroq balog‘at yoshiga yetganida bola namozni to‘g‘ri ado qilishi uchun ularni bolaligidan namozga tayyorlab bormoq lozim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Farzandlaringizni ular yetti yoshga to‘lganlarida namoz o‘qishga buyuringlar, bordi-yu ular o‘n yoshdan so‘ng ham e’tiborsizlik qiladigan bo‘lishsa, ularni jazolanglar va yotog‘ini alohida qilinglar”. Ota-onalar farzandlari qalbida namozga bo‘lgan istakni paydo qilishi va ularda bu vazifaga muhabbat uyg‘otmoqlari kerak. Bolalarga namozni ota-onasi majburlagani uchun emas, balki Alloh roziligi uchun o‘qishi kerakligini singdirish lozim. E’tiboringizga bolani namozga o‘rgatishning o‘nta usulini taqdim etamiz:
1. Ota-onaning namoz o‘qishi – farzand uchun eng yaxshi o‘rnak!
Bolaning namoz bilan tanishuvi ona qornidayoq boshlanadi. Go‘dak o‘z onasi kuniga besh mahal bir xil harakatni amalga oshirishiga ko‘nikib boradi va tug‘ilmasidan oldin namoz chaqaloq hayotining bir bo‘lagiga aylanadi. Ota-onalar o‘z farzandlari uchun birinchi ibrat maktabi hisoblanadi. Agar namoz o‘qish ularda birinchi o‘rinda tursa va uni ma’lum bir vaqtga keyinga surmay, o‘z vaqtida o‘qishga harakat qilsalar, bola o‘z vaqtida o‘qilgan namozning qanchalik muhimligini tushunib yetadi. Namoz vaqti yaqinlashganda ota-ona bolaga shunday deyishi mumkin: “Alloh meni kutmoqda. Men borishim kerak!” yoki “O‘, namoz vaqti bo‘libdi! Namozimni o‘qib olishim kerak! Men kechikmasligim kerak!” Bolalar ota-onasi namozga qanday intilyotganini tug‘ilgan paytidanoq guvohi bo‘lishlari kerak. Emizikli bolani joynamoz yoniga yotqizsa ham bo‘ladi, shunda chaqaloq o‘z onasi namozni qanday ado qilyotganini mamnuniyat bilan kuzatib turadi. Bola sal ulg‘ayganda esa, ona bolani qo‘llariga olib, namozni shu ko‘yi o‘qishi mumkin (bolaning tozalik qoidalariga amal qilishni unitmaslik kerak). Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam shunday qilganlar: sajdaga egilganda bolani yonlariga qo‘yganlar, keyin turayotib yana qo‘llariga ko‘tarib olganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam sajda qilyotganda yelkasiga o‘tirib olgan kichkina qizaloq voqeasi ko‘pchilikka ma’lum. U Zaynab onamizning qizi Umama edi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam o‘shanda ushbu holatida shunchalik uzoq qolib ketdilarki, sahobalar Rasulullohga sollallohu alayhi va sallam go‘yoki nimadir bo‘ldi va U kishi bu dunyoni tark etdilar deb o‘ylaganlar. Namozni tugatib, o‘rinlaridan turganlarida shunday dedilar: “Elkamga nabiram chiqib oldi, men uni bezovta qilishni istamadim”. Shunday qilib, Alloh bizga bajarib bo‘lmaydigan hech bir narsani yuklamadiki, ona namozni o‘z vaqtida o‘qishi mumkin. Bola yana sal kattaygandan so‘ng ota-onasi qilayotgan harakatni takrorlashga harakat qiladi, ularning yonida turib birga namoz o‘qiydigan bo‘ladi, buning uchun farzandingizning o‘zida kichik joynamoz bo‘lgani yaxshiki, har doim sizning joynamozingiz yonida turadi. Namoz o‘qish kundalik hayotning bir qismi, musulmonning asosiy majburiyati bo‘lmog‘i lozim, shundagina farzandlar bolaligidanoq namozni naqadar muhimligini anglab yetadilar.
2. Bolaligidan namozga o‘rgating.
Namoz o‘n yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun majburiy emas, lekin kelgusida ularning o‘zlari namoz o‘qish istagini bildirishi uchun bolaligidanoq o‘shanga sharoit yaratib borish afzalroq. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bolani yetti yoshdan namozga o‘rgatishga buyurganlar. Ko‘pchilik maslahat berishicha, ota-ona bolalarini kichkinaligidanoq bomdodni o‘qish uchun uyg‘otgani afzalroq, chunki keyinchalik ularda yaxshi ko‘nikma shakllanadi – bomdodga, namoz ular uchun farz bo‘lgan yoshda hech qiyinchiliksiz uyg‘onadigan bo‘lishadi. Uyingizni bir burchagi yoki alohida xonasini namoz o‘qish uchun ajrating. Agar namoz uchun uyingizda maxsus joy tashkil etsangiz, farzandlaringiz namoz qanchalik muhimligini tushunib yetishadi. Farzandingizga bu joy namoz o‘qish uchun ekanligi va bu yerni hamisha pokiza saqlash kerakligi haqida aytib boring. Namoz uchun joy xozirlangandan so‘ng, u yerga ibodat uchun maxsus kiyim qo‘yishingiz va namoz vaqtlari ko‘rsatilgan jadvalni ilib qo‘yishingiz mumkin.
3. Yordamchi ko‘rgazmali qo‘llanmalar yasang!
Bolalar har qanday narsani rasm, jadval va ko‘rgazmali qo‘llanmalar yordamida yaxshi o‘zlashtirib oladi. Bolangiz bilan namoz vaqti haftaning qaysi kuni qachonga to‘g‘ri kelishi, hijriy yil va oylarning nomlanishi ko‘rinib turadigan islomiy taqvim yasang. Ushbu taqvimdan foydalana turib, siz islomiy oylarni yodlatishingiz, vaqt atalmish tushuncha bilan tanishtirishingiz va kunni to‘g‘ri rejalashtirishning muhimligini farzandingizga singdirib borishingiz mumkin. Yana bir usul – shunday jadval tuzingki, unda har bir o‘qilgan namoz qayd qilib borilsin, jadval yakunlanishi bilan bolangizni taqdirlang. Keyingi yordamchi qo‘llanma “Namoz daraxti” bo‘lishi mumkin. Buning uchun daraxt rasmini chizish kerak bo‘ladi, farzandingiz esa unga barglar chizib boradi:
• O‘z vaqtida o‘qilgan namoz uchun – yashil barg, bu farzandga Alloh undan rozi ekanligini bildiradi.
• Namozni kechikib o‘qigani uchun – to‘q sariq barg, bu ogohlantiruvchi belgi, ya’ni musulmon namozni o‘z vaqtida o‘qimasligini Alloh xush ko‘rmaydi. Bunga boshqa yo‘l qo‘ymaslik kerak.
• O‘qilmagan namoz uchun – qizil barg, bu Alloh undan norozi ekanligini bildiradi va farzand bu xatosi uchun Allohdan kechirim so‘rashi kerak bo‘ladi.
4. Farzand namoz yoshiga yetgan kunni nishonlash
Bolangiz islomiy yetti yoshga to‘lganida “Namoz bayrami”ni nishonlash maqsadga muvofiqdir. Bolangizga shaxsiy joynamoz, alohida kiyim, namoz o‘qish uchun qo‘llanma, namozga uyg‘otadigan soat sovg‘a qiling. Namozning ahamiyati haqida so‘zlab bering, Islom asoslari bo‘yicha viktorina o‘ylab toping, bolalar o‘rtasida namoz bo‘yicha konkurs o‘tkazing. Ko‘plab boshqacha g‘oyalar farzandingiz uchun juda muhim bo‘lgan bu hodisani alohida ajratib ko‘rsatishingizga yordam beradi.
5. Farzandingizga Rasulullohni sollallohu alayhi va sallam yaxshi ko‘rishni o‘rgating!
Ota-onaning birinchi vazifasi farzandga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam haqida dastlabki bilimlarni berishdir: Makkada tug‘ilganlari, Madinaga hijrat qilganlari va o‘sha yerda vafot etganlari va hokazolar haqida. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam haqidagi hikoyalar sizning tarbiya jarayoningizning ajralmas bir bo‘lagi bo‘lishi kerak, buning natijasida bolalarda sekin-astalik bilan Payg‘ambarimizga sollallohu alayhi va sallam bo‘lgan muhabbat paydo bo‘ladi, bolalarni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam nima qilgan bo‘lsalar, o‘shanday ishlarni qilishga undaydi.
6. Bolalarni namozga sekin-astalik bilan o‘rgating. “Mayda qadamlar” usulidan foydalangan holda
Bolani qisqa muddat ichida namozga o‘rgatish juda qiyin. Avvalboshdan bolani tozalikka o‘rgatib boring, unga birinchi bo‘lib duo qilishni o‘rgating, Qur’ondan kichik oyatlarni yodlating. Bolangiz qachon o‘zining ilk namozini o‘qishga tayyorligini o‘zingiz fahmlaysiz. Undan darrov barcha ibodatlarni qilishni talab qilmang. Bu jarayonni cho‘zishga harakat qilingki, toki farzand o‘zida har kungi namozga sekinlik bilan ko‘nikma xosil qilsin. Dastlab kuniga bitta namoz o‘qishni buyuring, ma’lum vaqtdan so‘ng yana bittani qo‘shasiz, shu tarzda farzand yetti yoshga to‘lguncha besh vaqt namoz o‘qishga o‘rganib oladi. Bu borada farzandingizni har safar rag‘batlantirib borishni unitmang!
7. Izchillikka rioya qiling!
Ota-onaning majburiyati – farzandining namozni qanday o‘qishi, o‘z vaqtida o‘qimoqdami, namozni o‘tkazib yuborishga yo‘l qo‘ymasligi, o‘z ibodatlarida yalqovlik qilmasligini kuzatib borishi kerak. Agar ota-ona har doim bolani nazorat qilib borsa, bu farzand namoz yoshigacha bo‘lgan davrga kelib bolada namozga ko‘nikma xosil bo‘lishiga olib keladi. Bu borada ota-ona bolasi uchun juda yumshoq uslubni tanlashi kerak. U namozni yaxshi ko‘rishi, namozni ota-onasi talab qilyotganligi uchun o‘qimasligi kerak. Albatta bolani namozni ado qilib borayotgani uchun maqtab, taqdirlab boring, keskin tanqid, jazo va tanbehdan qochishga harakat qiling.
8. Ibodat vaqtini oila bilan o‘tkazish
Ibodatni birgalikda – ota farz namozlarda imom bo‘lib – oila bilan o‘qish farzandni namozga qiziqtiradigan bosh omil hisoblanadi. Ayniqsa bu ulg‘ayganda otasidek ota bo‘ladigan o‘g‘il bolalarga tegishlidir. O‘g‘il bolalarni juma kuni jamoat namoziga masjidga borishiga ham alohid e’tibor qaratmoq kerak. Musulmonni bir butun jamiyat sifatida ko‘rish, ko‘plab musulmonlar safida namoz o‘qish juda muhimdir.
9. Duo qiling
Eng muhimi – barcha holatda Allohdan yordam so‘rash, Undan farzandini namozga ko‘ngil qo‘yishini so‘rab duo qilish.
10. Namoz va sport
Namoz o‘zida sportni ham mujassam qilishi jihatiga alohida e’tibor qaratsangiz, bolangizda (ayniqsa u o‘g‘il bola bo‘lsa) namozga bo‘lgan mehrni uyg‘otish Siz uchun qiyinchilik tug‘dirmaydi.
Mardon O‘g‘uz