Adliya vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan «Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi» aksiyasida Farg‘ona viloyati Buvayda tuman adliya bo‘limi xodimlari tomonidan tumanning «Qoraqum» MFYda amalga oshirilgan xatlovlarda 1895 yilda tug‘ilgan Umarova (Toshmatova) Huvaydo momoning tug‘ilishi qayd etilmaganligi aniqlandi.
Buvayda tuman adliya bo‘limi tomonidan kiritilgan da’vo ariza qanoatlantirilib, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘qon tumanlararo sudining o‘tkazgan sayyor sud majlisida Huvaydo momoning 1895 yil 1 yanvarda Buvayda tumanida tug‘ilganlik fakti belgilandi.
Ma’lumot uchun, o‘zbekistonliklar Huvaydo momo haqida avval ham eshitgan, biroq momoning 130 yoshda ekanligini isbotlovchi fakt bo‘lmagan. Endi Umarova Huvaydo momo rasman O‘zbekistondagi eng yoshi ulug‘ inson hisoblanadi.