Bugun 28 mart, 2024 yil, payshanba

КИР

Faqirlik Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning faxri edimi?

Faqirlik Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning faxri edimi?

Savol: “Xalq orasida tarqalgan “Al faqru faxriy” ya’ni, faqirlik mening faxrimdir, degan gap hadismi yoki yo‘qmi?

Javob: Mazkur rivoyatning to‘liq matni “Al faqru faxriy va bihi aftaxiru”dir. Ya’ni, faqirlik (kambag‘allik, qashshoqlik) mening faxrimdir va men u bilan faxrlanaman”.

Muhaqqiq olim Mulla Ali Qori Hanafiy o‘zlarining “Mirqotul mafotiyh sharhu Mishkotil masobiyh” nomli mashhur asarlarida (14-juz, 356-bet) shunday deganlar: “Al faqru faxriy va bihi aftaxiru” rivoyati Payg‘ambarimiz nomlaridan aytilgan. Hofiz Ibn Hajar Asqaloniy va boshqa olimlar aytganlaridek, bu rivoyatning isnodi “mavzu’” (soxta, to‘qima) va “botil”dir”. Mazkur kitobning 15-juzi, 150-betida: “Hofiz Asqaloniy va boshqa hofizlik darajasiga yetgan olimlar ochiq-oydin (ravshan, aniq) bayon qilganlaridek, bu rivoyatning asli-asosi yo‘q, botildir”, deyilgan.

Muhaqqiq mufassir Olusiy “Ruhul ma’oniy” tafsirida (7-juz, 267-bet): “Al faqru faxriy” xabari asli-asosi yo‘q, kizb (yolg‘on)dir”, degan. Mazkur tafsirning 20-juzi, 422-betida: “Xalq orasida tarqalgan bu rivoyatning asli-asosi yo‘q”, deyilgan. Mazkur tafsirning yana 23-juzi, 13-betida: “Xalq orasida tarqalgan “Al faqru faxriy” rivoyati Ibn Hajar Asqaloniy aytganidek, isnodi “mavzu’” (soxta, to‘qima), “botil”dir”, deyilgan.

Shayx Bakr Abu Zayd “Mo‘’jamul manohil lafziyya” kitobida (21-juz, 21-bet): “Xalq orasida tarqalayotgan “Al faqru faxriy va bihi aftaxiru” lafzini Hofiz Iroqiy  va Hofiz Ibn Hajar Asqaloniylar: “Isnodi “mavzu’” (soxta, to‘qima), “botil”dir”, deyishgan”, deydi.

“At talxiysul habiyr fiy taxriyji ahodiysir Rofe’iyyil-kabiyr” kitobida (4-juz, 156-bet): “Imom San’oniy mazkur hadisning “mavzu’” (soxta, to‘qima) ekaniga jazm qilgan ya’ni, aniq ishonch hosil qilgan”, deyiladi.

“Tafsiri Nisoburiy” muallifi (7-juz, 151-bet): “Agar bu rivoyat sahih bo‘lganida edi, bu “faqirlik” boshqa ma’nodadir, masalan: “Alloh taologa bo‘lgan muhtojlik” deb, ta’vil qilgan bo‘lar edik”, deganlar.

Mazkur rivoyatning isnodi “mavzu’” bo‘lishi bilan bir qatorda yana “botil” deyilishining sababi, bu rivoyat mazmun jihatidan quyidagi sahih hadisga ziddir. Abu Bakra (ra) aytadilar: “Payg‘ambarimiz har namozdan so‘ng: “Ey Alloh, men kufr, faqirlik va qabr azobidan panoh berishingni so‘rab iltijo qilurman”, deb duo qilardilar” (Abu Dovud, Nasoiy, Ahmad ibn Hanbal va Hokimlar rivoyati).

Muhaqqiq ulamolar aytadilar: “Al faqru faxriy va bihi aftaxiru” rivoyati “kizb” (yolg‘on), “mavzu’” (soxta, to‘qima), asli yo‘q bo‘lib, hadis bilimdonlarining birortasi Payg‘ambarimizdan rivoyat qilmagan. Qolaversa, ma’nosi ham botil. 

Zero, Payg‘ambarimiz o‘zlariga Alloh taolo tomonidan berilgan fazilatlar bilan aslo faxrlanmaganlar. Balki, ko‘p hadislarida: “Men qiyomat kuni Odam bolalarining sayyidiman, ammo bundan faxrlanmayman. Qiyomat kuni birinchi bo‘lib mening qabrim ochiladi, ammo bundan faxrlanmayman. Birinchi shafoat qiluvchi ham, birinchi shafoat qilinguvchi ham men bo‘laman, ammo bundan faxrlanmayman. Qiyomat kunida menga «Livoul hamd» (maqtov bayrog‘i) beriladi, ammo bundan faxrlanmayman. Jannatga ham birinchi bo‘lib kiraman, ammo bundan faxrlanmayman…”, deganlar” (Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Ibn Moja rivoyatlari).

Toshkent Islom instituti «Hadis va islom tarixi» kafedrasi o‘qituvchisi
Abdul Azim Ziyouddin tayyorladi.

Kiritildi: 13:02 31.07.2020. O'qildi: 4425 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!