O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro navbatdagi yig‘in oldidan tarkibga chaqirilmagan futbolchilar va kengaytirilgan ro‘yxat borasidagi savollarga javob berdi. Italiyalik mutaxassis jamoadagi raqobat va futbolchilarning ruhiyatiga alohida to‘xtaldi.
Kannavaroning ta’kidlashicha, murabbiylar shtabi ayni damda juda katta kontingentni nazorat qilib bormoqda: — Bizning kengaytirilgan ro‘yxatimizda 55 nafar futbolchi bor. Lekin bu chegara emas. Ro‘yxatga kirmaganlarni ham kuzatishda davom etyapmiz. Ichki chempionatda o‘zini ko‘rsatgan har bir o‘yinchi keyingi yig‘inlarda milliy jamoadan chaqiruv olishi mumkin. Eshik hamma uchun ochiq.
Murabbiy tarkibni shakllantirishda tanlov imkoniyati kengligidan mamnun: — Men chaqirishni istagan futbolchilar juda ko‘p. Hatto Dubaydagi yig‘inda qatnashgan bir qator yigitlarni ham tarkibga qo‘shgim kelgandi. Tanlovning ko‘pligi men uchun «yoqimli muammo» tug‘dirmoqda. Ro‘yxatimizda tajribali va yosh futbolchilar mutanosibligi saqlangan. Biroq, alohida ismlarni tilga olishni istamayman, bu ichki muhit uchun to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Kannavaro uchun futbolchining mahorati bilan birga uning vatanparvarlik hissi ham muhim ahamiyatga ega: — Men har bir futbolchi bilan alohida gaplashib chiqdim. Meni eng quvontiradigan jihat — terma jamoa ixtiyoriga kelgan yigitlarning ko‘zida faxr tuyg‘usini ko‘raman. Vatan libosida maydonga tushish ular uchun sharaf. Mana shu ruhiyat biz uchun juda muhim hisoblanadi.