Bloomberg agentligining xabar berishicha, Yevropa davlatlari bosh shtab rahbarlarining Londondagi uchrashuvidan so‘ng shunday xulosaga kelingan.
"Amalga oshish ehtimoli eng yuqori rejaga ko‘ra, Buyuk Britaniya va Fransiya tinchlikparvar kuchlari Ukrainadagi asosiy shaharlar, portlar va strategik ahamiyatga ega ob’ektlarga joylashtiriladi. Qora dengizda esa patrul kemalari va mina tozalash kemalarini yuborish rejalashtirilgan. Shuningdek, Polsha hamda Ruminiyada samolyotlar va qo‘shimcha quruqlik qo‘shinlari joylashtirilishi mumkin", deya xabar bermoqda Bloomberg.
Rossiya bir necha bor Yevropa tinchlikparvar kuchlarining Ukrainaga kirishiga qarshi ekanligini bildirgan va faqat betaraf davlatlar tinchlikparvar kontingenti bo‘yicha muhokama qilishga tayyorligini ta’kidlagan.
Bundan tashqari, AQSh ham Ukrainadagi Yevropa tinchlikparvar kuchlariga harbiy kafolat berishdan bosh tortmoqda. Buyuk Britaniya esa Vashingtondan bunday kafolatlarni talab qilmoqda.
Shu bilan birga, tinchlikparvar kontingent masalasida yakuniy qaror hali qabul qilinmagan bo‘lib, hozircha faqat maslahatlashuvlar olib borilmoqda.