Yangi qoidalarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqida qolish huquqiga ega bo‘lmagan, ammo turli sabablarga ko‘ra o‘z vataniga qaytarib bo‘lmayotgan migrantlar uchun YEI hududidan tashqarida maxsus markazlar — «qaytarish xablari» tashkil etilishi mumkin.
Hozircha bunday markazlar qayerda joylashishi aniq emas. Muhokamalarda Afrika davlatlari ehtimoliy manzillar sifatida tilga olinmoqda.
Bryussel rasmiylari yangi tizim noqonuniy migrantlarni o‘z ixtiyori bilan vataniga qaytishga undaydi, deb hisoblamoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda deportasiya qilish haqida qaror chiqarilgan har to‘rt nafar migrantdan faqat bittasi amalda o‘z mamlakatiga qaytarilmoqda.
Tanqidchilar esa bunday markazlarning o‘ziga emas, balki ularni Yevropa Ittifoqidan tashqarida tashkil etish g‘oyasiga qarshi chiqmoqda. Ularning fikricha, uchinchi davlatlarda saqlash sharoitlari va inson huquqlariga rioya etilishini nazorat qilish ancha qiyin bo‘ladi.