Bir qator Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, shuningdek, Buyuk Britaniya va Yaponiya rahbarlari neft va gaz inshootlari kabi fuqarolik infratuzilmasiga hujumlarga zudlik bilan moratoriy e’lon qilishga chaqirdilar va Hormuz bo‘g‘ozidan xavfsiz o‘tishni ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Bu haqda Buyuk Britaniya Bosh vaziri devoni veb-saytida chop etilgan qo‘shma bayonotda aytilgan.
"Biz bo‘g‘ozdan xavfsiz o‘tishni ta’minlash bo‘yicha tegishli sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligimizni e’lon qilamiz va tayyorgarlik va rejalashtirish bilan shug‘ullanuvchi mamlakatlarning majburiyatlarini olqishlaymiz", deyiladi bayonotda.
Germaniya, Fransiya, Niderlandiya, Italiya va Yaponiya rahbarlari tomonidan ham imzolangan bayonotda Eronning Fors ko‘rfazidagi noharbiy savdo kemalariga, neft va gaz inshootlari kabi fuqarolik infratuzilmasiga yaqinda qilgan hujumlari va Eron kuchlari tomonidan Hormuz bo‘g‘ozini samarali blokirovka qilish qoralanadi.
Rahbarlar Eronni tahdidlar, mina qo‘yish, dron va raketa hujumlari hamda bo‘g‘ozni tijorat kemalari uchun yopishga qaratilgan boshqa urinishlarni darhol to‘xtatishga va BMT Xavfsizlik Kengashining 2817-rezolyusiyasiga rioya qilishga chaqirdilar.
"Eronning harakatlarining oqibatlarini butun dunyo bo‘ylab odamlar, ayniqsa eng zaif mamlakatlarda his qilishadi", deb ta’kidladilar va "eng ko‘p zarar ko‘rgan mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ishlashga" va’da berishdi.