Eron rasmiylari ma’lum qilishicha, AQSh va Isroil neft-gaz koni «Janubiy Pars» hamda u bilan bog‘liq infratuzilmaga zarba bergan. Bu haqda Bloomberg mamlakat davlat televideniyesiga tayanib xabar qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘shni Assaluye hududidagi neft va neft-kimyo korxonalari ham zarar ko‘rgan.
Bloomberg ta’kidlashicha, agar bu ma’lumotlar tasdiqlansa, bu Eronda mojaro boshlanganidan beri bunday ob’ektlarga qilingan ilk hujum bo‘ladi.
Qayd etilishicha, Shimoliy va Janubiy Pars birgalikda dunyodagi eng yirik tabiiy gaz konini tashkil etadi. U Eron va Qatarga birgalikda tegishli.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, hujum haqidagi xabarlar fonida TTF birjasida aprel oyi uchun gaz narxi ming kubometr uchun 611 dollarga yetgan. Bir necha soat ichida kotirovkalar o‘nlab dollarga o‘sgan, fevral oxiridan beri esa ikki baravardan ham ko‘proq oshgan.
Avvalroq Qatar va BAA Erondagi urush sabab suyultirilgan tabiiy gaz (SPG) eksportini to‘xtatgani xabar qilingan edi, bu esa darhol jahon gaz narxlarining oshishiga olib kelgan.