Bu haqda Yevrokomissiya ma’lum qildi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tkazib berilgan summaning 3,7 milliard yevrosi — 2026 yil uchun makroiqtisodiy yordamning uchta transhidan ikkinchisidir. Qolgan 658 million yevro esa Kiyevga mudofaa uchun ajratilayotgan kredit doirasidagi yettinchi to‘lov hisoblanadi.
«Rossiya o‘zining cheksiz hujumlarini davom ettirayotgan bir paytda, Ukraina beshinchi harbiy qishga qadam qo‘ymoqda. Ukraina uchun adolatli va mustahkam tinchlikka erishish harakatlari davom etar ekan, YEIning o‘zgarmas qo‘llab-quvvatlashi ham davom etadi. Bugungi 4,36 milliard yevro ajratilishi bilan biz Ukrainaga asosiy davlat xizmatlarini ko‘rsatish va kechiktirib bo‘lmaydigan mudofaa ehtiyojlarini qondirishda yordam bermoqdamiz», — dedi Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen.
EK press-reliziga ko‘ra, mudofaa uchun ajratilayotgan mablag‘lar dronlar, raketalar, radarlar, radioelektron kurash (REB) tizimlari va HHM (havo hujumidan mudofaa) uchun o‘q-dorilar xarid qilishga yo‘naltiriladi. Bu pullarning katta qismi Ukrainaning mudofaa kompaniyalaridan xarid qilish uchun ishlatiladi.
EIda 2026 yil uchun Ukrainaga yana 25,2 milliard yevro qolmoqda, ularning katta qismi mudofaa ehtiyojlari uchun ajratilgan, deyiladi YEK press-relizida. Unda ta’kidlanishicha, urush boshlanganidan beri Bryussel Kiyevga 235,9 milliard yevro ajratgan.